Prezident xorijdan qaytayotgan migrantlarni qurilishga jalb qilishni buyurdi
Jamiyat
−
31 mart 2022
10267Ma’lumki, Ukraina hududida Rossiya va Ukraina o‘rtasida davom etayotgan urush eng avvalo ikki mamlakat, qolaversa, butun dunyoga ta’sir ko‘rsatishni boshladi. Rossiya rublining qadrsizlanishi va valyuta ayirboshlash bilan bog‘liq muammolar Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini ham chetlab o‘tgani yo‘q. Ayni vaqtda ular ishlab topayotgan maoshlar rublda to‘lanishi, rubl dollarga aylantirilganda esa taqriban avvalgiga qaraganda yarmiga to‘g‘ri kelishi ko‘pchilik migrantlarning ish joyini tashlab, O‘zbekistonga qaytishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev barcha hokimlarga qo‘shimcha 100 ming aholining rasmiy bandligini ta’minlash choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda Prezident bugun, 31 mart kuni bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida gapirgan.
Davlat rahbari xorijdan qaytgan mehnat migrantlarini qurilishlarga javlb qilishni buyurdi.
Yig‘ilishda bugungi kunda 67 ta faoliyat turi o‘zini o‘zi band qilish shakliga o‘tkazilgani qayd etilgan. Prezident faoliyat turlarini yana 20 taga ko‘paytirish va bu orqali qo‘shimcha 150 ming aholi bandligi ta’minlash mumkinligini ko‘rsatib o‘tdi.
Viloyat hokimlari mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarni qurilishlarga jalb qilish, ularga zarur asbob-uskunalar olib berish uchun subsidiya ajratish hisobiga qo‘shimcha 100 ming aholining rasmiy bandligini ta’minlashi kerakligi ta’kidlandi.
Bandlikni ta’minlash uchun yangi mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Dunyo bozorlaridagi holat, xom ashyo, yoqilg‘i va oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘sib borishi, qo‘shni davlatlardan pul o‘tkazmalarining kamayishi aholi daromadlariga ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ta’sirni hisobga olib va inflyatsiya hisob-kitoblaridan kelib chiqib, ehtiyojmand aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini yanada kengaytirish bo‘yicha takliflar kiritish vazifasi qo‘yildi.
LiveBarchasi