Prezident Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan o‘zbekistonliklarni tabrikladi
Jamiyat
−
30 iyul 1225 4 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 30 iyul kuni Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan o‘zbek xalqiga tabrik yo‘lladi. Bu haqda mamlakat yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari avvalo, butun O‘zbekiston xalqini mamlakatda keng nishonlanayotgan qutlug‘ ayyom – Xalqlar do‘stligi kuni bilan samimiy muborakbod etgan.
“Hech shubhasiz, ushbu quvonchli bayramda ko‘p millatli xalqimizning olijanob intilishlari, amaliy harakatlari bilan jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, millatlar va dinlararo do‘stlik, bag‘rikenglik hamda hamjihatlik bizning eng bebaho boyligimiz ekanini yanada chuqur his etamiz”, degan Prezident.
Qayd etilishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda 130 dan ziyod millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oila farzandlari kabi ahil va inoq yashab, mamlakat ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayabdi.
“G‘oyat noyob ijtimoiy hodisa bo‘lgan bunday milliy-madaniy xilma-xillik Yangi O‘zbekistonning har bir fuqarosi, millati, tili va dinidan qat’i nazar, erkin va farovon yashaydigan insonparvar davlat sifatidagi o‘rni hamda nufuzini oshirishda muhim rol o‘ynamoqda”, deydi davlat rahbari.
Mamlakat yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, keyingi yillarda “Bizning kuchimiz – birlik va hamjihatlikda” degan ezgu g‘oya asosida O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikning o‘ziga xos ibratli modeli yaratilgan bo‘lib, mazkur holat faxrlanarli ishdir.
Ma’lum qilinishicha, hozirgi vaqtda millatlararo munosabatlar sohasida amalga oshirayotgan ishlar ko‘lami tobora kengayib, sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu borada qabul qilingan 10 ta normativ-huquqiy hujjat, jumladan, Millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosati konsepsiyasi ushbu faoliyat samarasini oshirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Keyingi yillarda ko‘rkam binolarda faoliyat yuritayotgan 157 ta milliy madaniy markaz va 46 ta do‘stlik jamiyatining moddiy-texnik bazasi mustahkamlangan. Ushbu maskanlarda o‘tkazilayotgan umummilliy bayramlar, do‘stlik kechalari, festival va uchrashuvlar mamlakatning madaniy qiyofasini belgilaydigan muhim ma’rifiy tadbirlarga aylanib bormoqda.
Shuningdek, O‘zbekistondagi ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlari 7 tilda olib borilmoqda, qardosh tillardagi maktablar davlat hisobidan darslik va adabiyotlar bilan ta’minlanmoqda. Teleradiokanallar orqali 12 tilda ko‘rsatuv va eshittirishlar efirga uzatilmoqda, 14 tilda gazeta va jurnallar nashr etilmoqda.
“O‘tgan yili Xalqlar do‘stligi kuni arafasida poytaxtimizda ochilgan milliy madaniy markazlarning paviloni xalqaro jamoatchilik tomonidan keng e’tirof etilib, ko‘plab xorijlik mehmonlar ham tashrif buyuradigan maskanga aylandi”, deb ta’kidlagan Prezident.
Qayd etilishicha, poytaxtdagi “Yangi O‘zbekiston” parki hududida “Bag‘rikenglik bog‘i”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda etno va sayyohlik qishloqlari tashkil etilgan.
Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, turli millatga mansub o‘zbekistonliklar orasida o‘nlab deputat va senatorlar, davlat va jamoat arboblari, taniqli ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, san’at va sport namoyandalari, biznes vakillari munosib faoliyat ko‘rsatayotgani, ularning 2 ming nafarga yaqini O‘zbekistonning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlangani mamlakatda hukm surayotgan ijtimoiy tenglik, adolat va inklyuzivlikning amaliy namunasi hisoblanadi.
“Bepoyon Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlarining qadimdan mushtarak maqsadlar asosida yashab, mehnat qilib, taraqqiyot borasida qanday ulkan natijalarga erishganlari, bunday ezgu an’analar keyingi yillarda yanada kuchayib, yangi bosqichga ko‘tarilayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz.
Biz qo‘shni davlatlar bilan do‘stlik, o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan munosabatlarimizni mustahkamlab, strategik sheriklik va ittifoqchilikni yanada rivojlantirmoqdamiz.
Xalqlarimiz o‘rtasida erkin bordi-keldilar, iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar kengayib, yangicha ma’no-mazmun bilan boyib borayotgani, bunday hayotbaxsh jarayonlarda O‘zbekistonning alohida o‘rni va hissasi borligi ayniqsa diqqatga sazovor”, deb ta’kidlagan mamlakat yetakchisi.
Prezidentning qayd etishicha, turli millat vakillarini o‘zaro yaqinlashtirishda san’at va madaniyat hamisha ma’naviy ko‘prik vazifasini bajarib kelgan. Har qaysi millatning betakror san’atini ayni shu asosda rivojlantirish bu – umumbashariy birlik va ahillikka olib boradigan eng ishonchli yo‘ldir.
Shu maqsadda mamlakatda turli millat va elat vakillaridan tarkib topadigan professional “Do‘stlik” ansamblini tashkil etish reja qilingan va buning uchun barcha sharoitlaryaratiladi.
“Siz, azizlarni, butun xalqimizni 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni bilan yana bir bor chin dildan tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, oilaviy baxt, mamlakatimiz ravnaqi yo‘lidagi olijanob faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.
O‘zbekistonimiz doimo tinch va barqaror bo‘lsin, birgalikdagi fidokorona mehnatimiz bilan yanada gullab-yashnasin!”, deb tabrik yo‘llagan mamlakat yetakchisi.
Live
Barchasi