Termizda Prezident kelishiga ko‘cha supurayotgan ayolni mashina urib ketdimi? YHXBB izoh berdi

3-sahifa

image
0:00
0:00
download

Ijtimoiy tarmoqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryoga tashrifi vaqtida ko‘cha supurayotgan ayolni hokimlik mashinasi urib ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Xabarda ayol ikki kundan buyon koma holatida qolayotgani aytilgan.

Mazkur yo‘l-transport hodisasi yuzasidan IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Matbuot xizmati rasmiy ma’lumot berdi.

Aniqlanishicha, joriy yilning 1 iyun kuni soat 07:30 larda haydovchi E.B. o‘z boshqaruvida bo‘lgan Captiva rusumli avtomobilni Termiz shahri, “Shodlik” mahallasidagi A.Temur ko‘chasi bo‘ylab boshqarib kelib, ushbu ko‘chaning “Barkamol avlod” markaziy ko‘chasi bilan kesishgan chorrahasidan o‘tayotgan vaqtda unga nisbatan chap tomondan o‘ng tomonga qarab piyodalar yo‘lakchasidan velosipedda ketayotgan P.R.ni avtomashinasining old qismi bilan turtib yuborishi natijasida yo‘l-transport hodisasini sodir etgan.

Natijada, fuqaro P.R. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Termiz filialidagi jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. 

“Surishtiruv davomida aniqlanishicha, mazkur transport vositasi davlat rahbarining Surxondaryo viloyatiga tashrifi jarayonida tashkil etilgan kortej avtomobillariga aloqasi yo‘qligi, bundan tashqari Amir Temur va Barkamol Avlod ko‘chalarining kesishmasida kortej harakatlanmaganini ma’lum qilamiz”, deya qo‘shimcha qilingan YHXBB xabarida.

Holat yuzasidan Termiz shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga tashrifi arafasida 14 mart kuni Kattaqo‘rg‘on tumanida 42-umumta’lim maktabining 23 yashar o‘qituvchisi Diana Yenikeyeva baxtsiz hodisa sabab vafot etgan edi. O‘qituvchi o‘z majburiyatiga kirmaydigan tozalash ishlariga jalb qilinganda, uni mashina urib ketgan.


Maqola muallifi

Teglar

YTH Termiz

Baholaganlar

671

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing