“Ta’lim dasturlari hayot talabiga javob bermaydi”. Prezident kasb-hunarga o‘qitish tizimini tanqid qildi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 4 oktyabr kuni professional ta’lim sifatini oshirish hamda aholini kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha yangi tashabbuslar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, o‘quvchilarga bir vaqtda ham o‘qish, ham ishlab daromad topish imkonini beradigan “dual ta’lim” shakli joriy etildi. Bu tizim samarasida 2 ming korxona bilan birgalikda 6 ming yigit-qiz o‘qitilmoqda.

Shuningdek, yoshlarga 9-sinfdan keyin kasb-hunar maktabi, 11-sinfdan esa kollej va texnikumda turli mutaxassisliklar o‘rgatilmoqda.

Iqtisodiyotni rivojlantirishda professional ta’lim alohida o‘rin tutadi. Xususan, taraqqiy etgan davlatlarda o‘quvchilarning 75 foizigacha kasbiy ta’lim bilan qamrab olingan. O‘zbekistonda ham bu soha mehnat bozori talablari asosida rivojlantirib kelinmoqda. 

O‘rta bo‘g‘in mutaxassislari, asosan, ikki yo‘nalishda – Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi kasb-hunar maktablari va texnikumlar hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga qarashli monomarkazlarda tayyorlanmoqda.

Bugungi kunda 689 ta professional ta’lim muassasasida 714 ta kasb va mutaxassislik hamda 20 ta “Ishga marhamat” monomarkazida aholiga 54 ta kasb va 6 ta xorijiy til o‘rgatilmoqda.

"Sohada muayyan bo‘shliqlar bor. Ayrim ta’lim dasturlari hayot talabi bilan bog‘lanmagan. Professional ta’lim maktab o‘quvchilarini o‘ziga jalb qila olmayotgani oqibatida mavjud quvvatlar to‘la ishlatilmayapti", degan taqdimotda Mirziyoyev. 

Shu bilan birga, Prezident monomarkazlar o‘rta bo‘g‘in kadrlariga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qondira olmayotgani va bitiruvchilarga malaka razryadi berish joriy etilmagani sababli ular qo‘shimcha imtihon topshirayotganini ta’kidlagan. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan professional ta’lim o‘rtasida hamkorlik yo‘qligi hamda chet tillarini o‘rgatish va tasdiqlovchi hujjat berish bo‘yicha ishlar yetarli emasligi tanqid ostiga olingan.

Xabarda keltirilishicha, ushbu kamchiliklarni bartaraf etib, kasbga o‘qitish sifatini oshirish maqsadida tegishli vazirliklar tomonidan yangi takliflar ishlab chiqilgan. Taqdimotda mutasaddilar shu borada davlat rahbariga atroflicha axborot bergan.

Mazkur takliflarda xorijiy ta’lim dasturlarini joriy etish, bitiruvchilar malakasining ichki va tashqi bozorda tan olinishini ta’minlash, o‘quvchilarni kollej va texnikumlarga kengroq jalb etish, monomarkazlarda kasbga o‘qitish sifatini yaxshilash chora-tadbirlari nazarda tutilgan.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev ushbu takliflarni takomillashtirish bo‘yicha mas’ullarga qo‘shimcha topshiriqlar bergan. Aholi bandligi eng muhim masala ekani, yoshlarga kasb-hunarlarni tumanlar ixtisoslashuvidan hamda korxonalar ehtiyojidan kelib chiqib, aniq yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rgatish kerakligi ta’kidlangan.

Kasblar va professional ta’lim klassifikatorlarini bosqichma-bosqich yangilab, xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, professional ta’lim muassasalarini maktab va oliy o‘quv yurtlari bilan uzviy bog‘lash muhimligi aytilgan. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi barcha kasb-hunar ta’limi muassasalarini yaxlit tizim sifatida muvofiqlashtirishi belgilangan.

Unga ko‘ra, kelgusi o‘quv yilidan har bir viloyatda dunyo tan olgan dastur asosida kasb-hunarga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Ularning bitiruvchilari xalqaro malaka va xorijiy til sertifikatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, ilg‘or kasbiy ta’lim va kasbga o‘qitish sifatini ta’minlash mezonlari tatbiq etiladi.

Monomarkazlarda kasblar ish beruvchilarning buyurtmasi asosida o‘qitiladi, bu bitiruvchilarning ishga joylashishida muhim omil bo‘ladi.

Mutasaddilarga professional ta’lim tizimini rivojlantirishning yilma-yil dasturini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident Shavkat Mirziyoev ta'lim kasb-hunarga o'qitish dual ta'lim

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing