Prezident kambag‘allik bilan kurash bo‘yicha rejalarini ma’lum qildi
Jamiyat
−
29 dekabr 2020
5707O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish uchun tumanlarning ixtisoslashuvi asosida dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan oilalarga 10 sotixdan 1 gektargacha yer maydonlari ajratiladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatida aytib o‘tdi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, yangi yilda iqtisodiy islohotlarning pirovard maqsadi, kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishdan iborat bo‘ladi.
Ushbu strategik maqsadlarga, hamma uchun teng imkoniyat yaratadigan, yuqori iqtisodiy o‘sish hisobiga erishiladi. Iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun xususiy investitsiyalarni ko‘paytirish, teng raqobat, biznes muhitini yaxshilash, davlat korxonalarini isloh qilish, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni joriy etish – kelgusi yilda ham ustuvor vazifa bo‘ladi.
Chuqur tarkibiy islohotlar orqali uzoq muddatli barqaror o‘sishning poydevorini yaratish va iqtisodiyotni rivojlantirish uchun kuchli turtki berishdan iborat.
Kelgusi yilda inflyatsiyaviy targetlash doirasida narx o‘sishini 10 foizdan oshirmaslik asosiy vazifa bo‘ladi. Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oshishining oldini olish maqsadida, import bojlari bo‘yicha imtiyozlar muddati kelgusi yil yakuniga qadar uzaytiriladi.
2021 yilda iqtisodiyot kamida 5 foizga o‘sishi, byudjet defitsiti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,4 foizdan oshmasligi ta’minlanadi.
“Fuqarolarni kambag‘allikdan chiqarishda “motivatsiya, ko‘nikma va moliyaviy ko‘mak” tamoyili joriy etiladi.
Kambag‘allikdan chiqib ketish uchun eng muhim omil – bu insonning intilishi, o‘z kuchiga tayangan holda, aniq maqsad sari harakati bo‘lishi kerak”, deydi Prezident.
Shuningdek, mahallalarda aholini kasb-hunarga o‘qitadigan mingdan ziyod markazlar tashkil etilib, ularda o‘qigan har bir shaxs uchun 1 million so‘mgacha subsidiya beriladi, bunga byudjetdan 100 milliard so‘m ajratiladi.
O‘quv kurslarini tamomlab, biznesini boshlayotgan fuqarolarga uskunalar xarid qilish uchun 7 million so‘mgacha subsidiyalar ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Tumanlarning ixtisoslashuvi asosida dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan oilalarga 10 sotixdan 1 gektargacha yer maydonlari ajratiladi.
Kelgusi yildan boshlab “Ijtimoiy reyestr” ishga tushirilib, ehtiyojmand oilalarga 30 dan ziyod ijtimoiy xizmatlarni elektron ko‘rsatish imkoni yaratiladi va bu “temir daftar” bilan o‘zaro integratsiya qilinadi.
Ehtiyojmand aholi bandligini ta’minlashga Bandlikka ko‘maklashish va Jamoat ishlari jamg‘armalaridan 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
27 mingta ehtiyojmand oilaning ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalini to‘lash va kredit foizlarini subsidiyalash uchun 2,4 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Bu ko‘rsatkich joriy yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘p.
Kelgusi yildan vaqtincha ishsizlik nafaqasi 3 barobar oshiriladi va 6 ta hujjat talab etish bekor qilinadi.
LiveBarchasi