Prezident Qudbiyev oyligini oqlamayotgani va tadbirkorlar undan noroziligini aytdi
Jamiyat
−
18 avgust 2023
9784Prezident Shavkat Mirziyoyev Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev oyligini oqlamayotgani va tadbirkorlar undan noroziligini aytdi. Bu haqda u bugun, 18 avgust kuni tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tayotgan ochiq muloqotida ma’lum qildi.
Ushbu tadbirda Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarga soliq yukini ko‘paytirish emas, balki ularni qo‘llab-quvvatlash orqali soliq bazasini kengaytirish kerakligini aytib o‘tdi.
“O‘tkazilgan so‘rovlarda 62 foiz tadbirkorlar soliq sohasidagi islohatlarimizni ijobiy baholadi. 38 foizi bizdan norozi. Biznec vakillari soliq tizimidan va soliqchilardan qanchalik rozi degan savol meni juda qiynaydi. Men o‘ylaymanki, sizlarni ham qiynaydi. Murakkab soliq ma’murchiligi, biznesga ortiqcha aralashish tizimdagi korrupsiya holatlarini barchasidan, albatta, xabarim bor. Bu illatdan qancha tez qutilsak, shuncha ko‘p ishlarimizda o‘zgarish va natija bo‘ladi”, deydi Prezident.
O‘tkazilgan so‘rovlarga qo‘shilgan qiymat soliq to‘lovchilarning 70 foizi ushbu soliqning qaytarilishida soliq uzilishlari koeffitsiyentini qo‘llab-quvvatlash, ya’ni yangi joriy qilingan Tax Gap tizimi adolatsiz ekanini bildirgan.
“Qudbiyev degan kattakon, senga baho bu. Tiziminga baho. Oyliklaringni oqlamayapsizlar. Xalqqa to‘siq bo‘lyapsizlar. Tadbirkorlarga yordam bermayapsizlar. Tax Gap degan balo tadbirkorlarni qiynayapti va korrupsiyaga sabab bo‘lyapti”, deydi davlat rahbari.
Prezident bu gaplarni aytgach, tadbirkorlar tik turib qarsak chaldi.
“Shuning uchun bular [tadbirkorlar] tik turib qarsak chalyapti, “ey prezident, ko‘zing ochilgani rost bo‘lsin”, deyapti”, deydi tabassum bilan davlat rahbari.
LiveBarchasi