Prezident Qoraqalpog‘istondagi mahalla ahli bilan muloqot qildi
Jamiyat
−
17:14 561 2 daqiqa
Bugun, 18 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida Nukus tumanidagi Diyqan arna mahallasida bo‘lib, aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, hududda mingdan ortiq oila, jami 3 ming 600 nafardan ziyod aholi yashaydi. Bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar odamlar uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, bandligini ta’minlash va daromadini oshirishga qaratilgan.

Joriy etilgan “Smart mahalla” tizimi aholi murojaatlarini tezkor hal etish, demografik ma’lumotlarni aniq yuritish va infratuzilma holatini elektron nazorat qilish imkonini berib, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Ijtimoiy infratuzilmani yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratilgan. Investitsiya dasturi doirasida 4,5 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 60 o‘rinli zamonaviy bog‘cha foydalanishga topshirilgan. Mahalliy byudjetdan 1 milliard so‘m yo‘naltirilib, futbol va vorkaut maydonchalari barpo etilgan.

Aholi daromadini oshirishda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida asalarichilik asosiy yo‘nalish sifatida belgilangan. Hozirda mahallada 20 dan ortiq xonadonda asalari boqilmoqda. Bir xonadonda 50-100 ta asalari qutisidan yiliga 1 tonnagacha asal olinib, daromad topilmoqda.

Davlat rahbari mahallada yashovchi Baxtiyar Jubayev xonadonida bo‘lib, asalni qayta ishlash sexi va asalari qutilarini tayyorlash jarayoni bilan tanishgan. U yerda bir mavsumda 2 tonna qayta ishlangan asal mahsuloti sotilib, yiliga 200 million so‘m atrofida foyda olinmoqda. Ustaxonada esa yiliga 250 tadan ortiq asalari qutisi tayyorlanib, qo‘shimcha 80 million so‘mgacha daromad ko‘rilmoqda.

Yil yakuniga qadar Asalarichilar uyushmasi tomonidan yana 100 ta xonadonda kooperatsiya asosida asalari boqishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu yana ko‘plab oilalarni barqaror daromad manbai bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Prezident shu yerda hudud faollari, nuroniylar va yoshlar bilan samimiy muloqot qilgan.

Orolbo‘yini rivojlantirish va aholi turmush darajasini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan ekani ta’kidlangan. Mahallalarda boshlangan bunday xayrli ishlar ko‘lami kengaytirilib, ularni amalga oshirish sur’ati yanada jadallashishi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Kegeyli tumanida tashkil etilgan issiqxona majmuasi bilan tanishgandi.
Live
Barchasi