Prezident qarori: O‘zbekistonliklar Ramazon hayiti munosabati bilan 2 kun dam oladi

Jamiyat

image

Joriy yilning 30 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qarorning to‘liq matni bilan quyida taniishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 
qarori

Butun musulmon ahli uchun muqaddas ayyom – muborak Ramazon hayitining xalqimiz hayotidagi beqiyos o‘rni, jamiyatimizda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, saxovat va shukronalik kabi olijanob qadriyatlarni qaror toptirishdagi ulkan ahamiyatini inobatga olib hamda milliy-diniy an’analarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida:

1. O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2019 yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 5 iyun – chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqida qabul qilgan qarorini inobatga olib, mamlakatimizda 2019 yil 5 iyun Ramazon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 noyabrdagi “2019 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi PF-5574-sonli Farmoniga muvofiq 1 iyun – shanba kuni 6 iyun – payshanba kuniga ko‘chirilgani ma’lumot uchun qabul qilinsin.

3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Ramazon hayitining joylarda tartibli hamda xalqimizning milliy va diniy an’analariga munosib tarzda, yuqori darajada o‘tishi uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

4. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2019 yil 30 may


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori

Baholaganlar

54

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing