Prezident qarori: Avtomobil transportida yuklarni xalqaro tashish yanada rivojlantiriladi
Jamiyat
−
08 iyun 2019
5177O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 7 iyun kuni “Avtomobil transportida yuklarni xalqaro tashishni yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Keyingi yillarda avtomobilda yuklarni xalqaro tashish sohasida xorijiy davlatlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish masalalarini tartibga solish, milliy tashuvchilarning katta yuk avtotransport vositalari parkini yangilash va modernizatsiya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va transport xizmatlari xalqaro bozorida ularning raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha shartnomaviy-huquqiy bazani takomillashtirishga yo‘naltirilgan salmoqli chora-tadbirlar ko‘rildi.
Shu bilan birga respublikaning o‘sib borayotgan eksport salohiyati
va eksport qilinadigan mahsulotlar qiymatida transport xarajatlarini maqbullashtirish zarurati katta yuk avtotransport vositalari parki quvvatini oshirish, mahalliy tashuvchilar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilishini talab etadi.
Milliy tashuvchilarning katta yuk avtotransport vositalari parkini yanada yangilash va modernizatsiya qilish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish, ichki va tashqi bozorlarda ularning raqobatbardoshligini oshirish, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining tashqi savdo faoliyatini transport-logistik ta’minlash tizimini takomillashtirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Moliya vazirligining 2019-2021 yillar davrida avtomobilda xalqaro yuk tashish uchun foydalaniladigan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasidan avtomobil transportida yuklarni xalqaro tashiydigan tadbirkorlik sub’ektlariga quyidagilarni berishni nazarda tutuvchi mahalliy va chet elda ishlab chiqarilgan katta yuk avtotransport vositalari, tirkamalar va yarim tirkamalarni sotib olishda milliy tashuvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibini joriy etish:
tijorat banklarining jalb etiladigan kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplashga, milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha – tijorat banklari tomonidan belgilangan stavkaning 25 foizi miqdorida, biroq 5 foizli punktdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda, xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha – tijorat banklari tomonidan belgilangan stavkaning 40 foizi, biroq 3 foizli punktdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kompensatsiya berish;
tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha kredit summasining 50 foizigacha, biroq 2 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kafillik berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2019-2021yillar davrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga ushbu bandda ko‘rsatilgan maqsadlar uchun zarur mablag‘larning bosqichma-bosqich ajratilishini ta’minlasin.
2. Belgilansinki:
ishlab chiqarilgan paytidan boshlab 4 yildan ortiq muddat o‘tmagan katta yuk avtotransport vositalari, shuningdek, ishlab chiqarilgan paytidan boshlab 6 yildan ortiq muddat o‘tmagan tirkamalar va yarim tirkamalar tijorat banklari tomonidan ularni kreditga sotib olishda har ikki tomonning roziligi bilan garov ta’minoti sifatida qabul qilinishi mumkin;
soliq solish maqsadida yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan yuqori massasi 12 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari (samosvallardan tashqari), o‘tirgichli tyagach (shatak), shuningdek, maksimal massasi 10 tonnadan ortiq bo‘lgan tirkamalar va yarim tirkamalarning yillik cheklangan amortizatsiya normasi 10 foizni tashkil etadi;
milliy tashuvchilarga sotish uchun katta yuk avtotransport vositalari, tirkamalar va yarim tirkamalarni import qilish texnik topshiriqlarni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarni kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda majburiy ekspertiza qilmasdan va ro‘yxatdan o‘tkazmasdan amalga oshiriladi.
3. Belgilansinki, bitta avtotransport vositasi hisobiga yuk tashish bo‘yicha xizmatlar eksportidan bir yilda 20 000 AQSH dollaridan ortiq tushum olgan milliy tashuvchilarga ularning arizasi bo‘yicha xalqaro tashishlarda foydalaniladigan har bir avtotransport vositasiga choraklar bo‘yicha taqsimlangan ruxsatnomalar soni doirasida xalqaro avtomobilda tashishga aniq bir davlatning 2 ta ruxsatnomasi beriladi.
Bunda, tashuvchi tomonidan oldingi hisobot yilida xalqaro avtomobilda tashishga olingan xorijiy va (yoki) ko‘p tomonlama ruxsatnomalar sonining kamida 70 foizidan foydalanish ushbu norma qo‘llanishining majburiy sharti hisoblanadi.
4. Xorijiy va (yoki) ko‘p tomonlama ruxsatnoma berilganligi uchun yig‘im miqdori ruxsatnoma berilgan sanada O‘zbekiston Respublikasida belgilangan bazaviy hisob-kitob miqdorining to‘rtdan birigachapasaytirilsin.
5. Milliy tashuvchilarga (rezidentlarga):
a) norezidentlardan O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida naqd xorijiy valyutani transport ekspeditsiyasi shartnomalari (yuklarni tashish) bo‘yicha haq to‘lash hisobiga olishga, olingan summani O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarida ochilgan o‘zining xorijiy valyutadagi talab qilib olinguncha depozit hisobraqamlariga o‘tkazishga ruxsat berilsin. Bunda, xalqaro tovar-transport yuk xati xalqaro tashishlar bajarilganligining tasdig‘i hisoblanadi;
b) yuklarni xalqaro avtomobilda tashiydigan haydovchilarga xizmat safarida, shu jumladan, yo‘lda bo‘lgan vaqtda ular tomonidan turar joy ijarasi va sutkalik xarajatlarni har bir sutka uchuntasdiqlaydigan hujjatlarni taqdim etmasdan umumiy to‘lov shaklida:
O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan vaqt uchun – belgilangan bazaviy hisob-kitob miqdorining 50 foizigacha;
O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida bo‘lgan vaqt uchun – 60 AQSH dollarigacha bo‘lgan miqdorda qoplashga ruxsat berilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Transport vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda 2019-2021 yillar davrida ishlab chiqarilgan paytidan boshlab 4 yildan ortiq muddat o‘tmagan mahalliy va chet elda ishlab chiqarilgan katta yuk avtotransport vositalari, tirkamalar va yarim tirkamalarni, shu jumladan, lizing asosida sotib olishni moliyalashtirish uchun har yili xorijiy moliyaviy institutlarning kamida 100 million AQSH dollari miqdoridagi uzoq muddatli kredit resurslarini jalb etish chora-tadbirlarini ko‘rsin.
7. “JV MAN – Auto Uzbekistan” MCHJ QK va “MAN Truck and Bus AG” (Germaniya) kompaniyasi o‘rtasida:
mamlakatimizda ishlab chiqarilgan o‘tirgichli tyagach (shatak)larning ichki va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish maqsadida ular qiymatini optimallashtirish doirasida avtotransport vositalarini ishlab chiqarish uchun Germaniya tomonidan butlovchi buyumlar va uzellarga 10 foiz miqdorida chegirma berilishi;
ishlab chiqarilgan paytidan boshlab 4 yildan ortiq muddat o‘tmagan, Yevropada ishlab chiqarilgan “MAN” rusumli katta yuk avtotransport vositalari markazlashtirilgan tartibda yetkazib berilishi va O‘zbekiston Respublikasi hududida to‘laqonli servis xizmati ta’minlanishi to‘g‘risida ahdlashuvga erishilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
8. “O‘zavtosanoat” AJning “JV MAN – Auto Uzbekistan” MCHJ QK va “UzAuto Trailer” tomonidan ishlab chiqarilgan yangi mahsulotlar mahsulot qiymatiga inflyatsiya darajasi doirasida tuzatish kiritish imkoniyati bilan ikki yilgacha muddat bilan to‘lovni foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash shartlarida sotish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Transport vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga 1957 yil 30 sentyabrda Jeneva shahrida imzolangan Yevropa xavfli yuklarni yo‘llarda xalqaro tashish to‘g‘risidagi bitimga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi bo‘yicha taklif kiritsin.
10. Moliya vazirligi Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha to‘lovlarni kafolatlash jamg‘armasi bilan birgalikda uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga milliy tashuvchilarga O‘zbekiston Respublikasi hududida sug‘urta polislarini “Yashil xarita” xalqaro tizimi bo‘yicha sotib olish uchun shart-sharoitlarni nazarda tutadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi ikki oy muddatda Yevro-3, Yevro-4 va Yevro-5 standartlari dizel yoqilg‘isini import qilish va O‘zbekiston Respublikasi hududida sotish uchun tadbirkorlik sub’ektlarini va xorijiy kompaniyalarni ularning faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan holda jalb etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rsin.
12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari xalqaro avtomobilda yuk tashuvchi milliy tashuvchilarning buyurtmanomalari bo‘yicha harakatlanadigan tarkibni saqlash, texnik xizmat ko‘rsatish va ta’minlash uchun mo‘ljallangan avtotransport korxonalarini joylashtirish va qurish uchun foydalanilmayotgan binolar va ishlab chiqarish maydonlarini, shuningdek, ekin ekiladigan yerlardan tashqari qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini belgilangan tartibda berishni ta’minlasin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Transport vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Logistika markazlari va yo‘lbo‘yi infratuzilmasi ob’ektlarining integratsiyalashtirilgan tarmog‘ini rivojlantirish konsepsiyasi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha Tadbirlar rejasi loyihalarini kiritsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi:
ikki oy muddatda yuk tashishlarning potensial buyurtmachilarini tizimli xabardor qilish uchun umumtarqalgan elektron tizimlarda foydalaniladigan avtotransport vositalarining asosiy tavsiflari to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lgan milliy tashuvchilarning yagona reyestri shakllantirilishini;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritilishini;
oldin qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlarning ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini ta’minlasin.
17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J.Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari N.S.Otajonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri
2019 yil 7 iyun
LiveBarchasi