Prezident Ipoteka krediti bozorini rivojlantirish va kengaytirish bo‘yicha farmonni imzoladi

Jamiyat

image

Joriy yilning 13 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Ipoteka krediti bozorini rivojlantirish va kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Quyida farmonning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
farmoni

2016-2018 yillarda ipoteka krediti amaliyotining kengayishi 82 mingdan ortiq uy-joylarning foydalanishga topshirilishini ta’minladi, buning natijasida mamlakatimizning barcha hududlaridagi 400 mingga yaqin fuqarolar turar joy sharoitlarini yaxshilashga erishdi.

Qishloq joylarda arzon uy-joylar va shaharlarda ko‘p qavatli uylar, yosh oilalarga, harbiy xizmatchilarga, byudjet tashkilotlari xodimlari va aholining boshqa toifalari uchun uy-joylar qurish bo‘yicha davlat maqsadli dasturlarini (keyingi o‘rinlarda – maqsadli dasturlar) izchil amalga oshirish davom etmoqda. Mazkur maqsadlar uchun respublikaning tijorat banklari tomonidan jami 10 trillion so‘mdan ortiq ipoteka kreditlari berildi.

Shu bilan birga, mamlakatimiz uy-joy sektorini rivojlantirish zarurati ipoteka kreditlarini taqdim etish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining barcha qatlamlari uchun bozor tamoyillari asosida ipoteka kreditlaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirish yuzasidan qo‘shimcha choralar ko‘rishni talab etmoqda.

Aholining turmush darajasini izchil oshirish, ipoteka krediti mexanizmlaridan foydalanish amaliyotini yanada takomillashtirish va kengaytirish, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoati va qurilish industriyasini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar va rag‘batlar yaratish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Osiyo taraqqiyot banki (keyingi o‘rinlarda – OTB) bilan birgalikdaO‘zbekistonda ipoteka bozorini rivojlantirish dasturini2019-2021 yillarda amalga oshirish konsepsiyasi ishlab chiqilganligi, uning doirasida bozor tamoyillari asosida uzoq muddatli barqaror ipoteka moliyalashtirish tizimini yaratish uchun OTB tomonidan 200 million AQSH dollari miqdoridagi qarz mablag‘lari ajratish nazarda tutilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Markaziy banki va tijorat banklarining:

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan boshlang‘ich ustav kapitali miqdori 25 milliard so‘m bo‘lgan aksiyadorlik jamiyati shaklidagi Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasini (keyingi o‘rinlarda – Kompaniya) ta’sis etish;

respublika tijorat banklari va boshqa yuridik shaxslarga ixtiyoriy ravishda Kompaniyaning ta’sischilari bo‘lish huquqini berish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

Quyidagilar Kompaniyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

mahalliy va xalqaro kapital bozorlarida moliyaviy resurslarni, shu jumladan, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining (keyingi o‘rinlarda – XMI va XHMT) mablag‘larini jalb qilish va keyinchalik ularni ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishga yo‘naltirish;

aholining arzon uy-joylarga o‘sib borayotgan ehtiyojini qanoatlantirish uchun bozor tamoyillari asosida tijorat banklariga moliyaviy resurslar taqdim etish;

shu jumladan, ipoteka qimmatli qog‘ozlarini chiqarish va ularni investorlar orasida joylashtirish;

ipoteka krediti tizimini takomillashtirishga ko‘maklashish, ipoteka bozorini rivojlantirishning zamonaviy uslublari va vositalarini tatbiq etish, ipoteka krediti va ipoteka qimmatli qog‘ozlar bozorida xavflarni kamaytirish va likvidlikni oshirish;

ipoteka krediti va qayta moliyalashtirish sohasida, shu jumladan, xorijiy ekspert va mutaxassislarni jalb qilgan holda metodologik va normativ-huquqiy bazasini ishlab chiqishda ishtirok etish.

3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi uch oy muddatda Kompaniya faoliyatini tashkil etishga texnik ko‘maklashish (grant) mablag‘larini ajratish masalasini OTB bilan ko‘rib chiqsin.

4. Belgilab qo‘yilsinki, Kompaniya tomonidan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

a) Kompaniya aksiyadorlar mablag‘larini hamda XMI va XHMTning qarz mablag‘larini, shuningdek, qimmatli qog‘ozlar chiqarish orqali mahalliy va xalqaro kapital bozorlaridagi uzoq muddatli resurs mablag‘larni jalb etadi;

b) Kompaniya jalb qilingan mablag‘larni Kompaniya tomonidan o‘rnatiladigan malakaviy talablarga mos keluvchi tijorat banklariga kredit resurslarini ajratish yo‘li bilan qayta moliyalashtiradi;

v) tijorat banklari Kompaniya tomonidan belgilangan shartlarda qarz oluvchilarga ipoteka kreditlarini taqdim etadi;

g) tijorat banklari ipoteka kreditlari, ipoteka shartnomalari bo‘yicha talab huquqlaridan yoki garov xatlari bo‘yicha huquqlardan Kompaniya foydasiga voz kechadi;

d) Kompaniya tijorat banklari bilan huquqlari avval Kompaniyaga o‘tkazib berilgan ipoteka kreditiga xizmat ko‘rsatish shartnomasini yoki garov xatlarini ishonchli boshqaruvga berish shartnomasini tuzadi;

ye) tijorat banklari qarz oluvchilar va ipoteka beruvchilar tomonidan kredit shartnomalari va ipoteka shartnomalarining Kompaniya foydasiga lozim darajada bajarilishini ta’minlaydi.

Kompaniya tomonidan ipotekani qayta moliyalashtirishning qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa shakllari ham tatbiq etilishi mumkin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari faoliyatini nazorat qilish va tartibga solish sohasida vakolatli davlat organi etib belgilansin.

6. O‘zbekiston Respublikasida 2019-2021 yillarda ipoteka krediti tizimini rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining:

a) 2020 yil 1 yanvardan boshlab, maqsadli dasturlar ijrosi doirasida quyidagilar nazarda tutilgan yangi shartlarda ipoteka kreditlari ajratish:

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ishtirok etuvchi banklarga ajratilayotgan kredit resurslari hamda aholiga berilayotgan ipoteka kreditlari bo‘yicha imtiyozli davrni 1 yilgacha qisqartirish;

kreditdan foydalanishning birinchi 5 yili davomida har yili foiz stavkasini qat’iy belgilangan 7 foizdan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha bosqichma-bosqich oshib boradigan stavkada va keyingi davrda Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasida belgilash;

ipoteka kreditlari foizlarini annuitet to‘lovlari formulasi bo‘yicha hisoblash tartibini tatbiq etish (oylik to‘lov asosiy qarz qoldig‘iga hisoblangan foizlar bo‘yicha to‘liq to‘lovni hamda kreditning bir qismini o‘z ichiga oladi, bu shunday hisoblashni nazarda tutadiki, har oylik barcha to‘lovlar kredit to‘lashning butun davrida bir xil bo‘ladi);

b) qonun hujjatlarida belgilangan malakaviy talablarga javob beradigan yuridik shaxslarga maqsadli dasturlarni amalga oshirishda buyurtmachi yoki bosh pudratchi sifatida qatnashish huquqini berish;

v) maqsadli dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan tijorat banklari sonini oshirish;

g) maqsadli dasturlarni amalga oshirish doirasida uy-joylar va kvartiralarni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish uchun kreditlar berish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019 yil 1 noyabrga qadar maqsadli dasturlarni amalga oshirish doirasida uy-joylarni xarid qilishga talabgor jismoniy shaxslarni uy xo‘jaliklarining daromadi, qurilish maydoni, ko‘chmas mulk qiymati narxlari va boshqa shartlardan kelib chiqqan holda tanlab olishning yangilangan tartibi va mezonlarini tasdiqlash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. 2020 yil 1 yanvardan boshlab maqsadli dasturlarni amalga oshirish doirasida taqdim etilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha amaldagi imtiyozlar bekor qilinsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019 yil 1 dekabrga qadar maqsadli dasturlarni amalga oshirish samaradorligini har tomonlama baholash hamda keng jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida quyidagilar bo‘yicha takliflar kiritsin:

a) quyidagilarning amal qilishini bekor qilish:

bosh pudrat tashkilotlari, pudrat tashkilotlari va subpudrat tashkilotlariga, qurilish materiallari, asbob-uskunalar, qurilish texnikasi va avtotransporti ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga, shuningdek, ularni tashishda qatnashadigan tashkilotlar, ishlar (xizmat) ko‘rsatish korxonalari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari, transport korxonalari, “Qishloq qurilish invest” IK” MCHJ, “O‘zshahar qurilish invest” IK, “Qishloqqurilish loyiha” MCHJ, “O‘zsanoateksport” AJ hamda “Toshkent qishloq qurilish servis” MCHJga berilgan soliq imtiyozlari (qo‘shilgan qiymat solig‘idan tashqari);

jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyozlar;

b) yakka tartibdagi uy-joy yoki ko‘p qavatli uydagi xonadonning qiymati 300 million so‘mdan oshmagan taqdirda, olingan ipoteka kreditlarini va ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni qoplash uchun yo‘naltiriladigan va soliq solinadigan jismoniy shaxslar va ular oila a’zolarining (birga qarz oluvchilar) jami 15 million so‘mgacha bo‘lgan ish haqi va boshqa daromadlari summasi soliq davri davomida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga tortilmasligini ko‘zda tutuvchi tartibni o‘rnatish;

v) bekor qilinayotgan soliq imtiyozlari o‘rniga uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj shaxslar va qonun bilan belgilanadigan fuqarolarning boshqa toifalariga ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badal va (yoki) foizlarni to‘lash uchun subsidiyalar berish.

11. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari G.K.Saidova media-rejani tasdiqlasin va aholi orasida keng tushuntirish ishlari olib borilishini, xususan ipoteka kreditlari berishning yangi shartlari hamda mazkur Farmonda ko‘rsatilgan boshqa masalalarni yoritish bo‘yicha mavzuga oid studiyadagi va sayyor turkum teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlarni tashkillashtirsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tuzilmasida boshqaruv xodimlarining 12 ta shtat birligini qo‘shimcha ajratgan holda Arzon uy-joylar qurish davlat maqsadli dasturlarini muvofiqlashtirish va moliya bozori vositalarini rivojlantirish boshqarmasi tashkil etilsin.

Boshqarmaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

maqsadli dasturlar ijrosi samaradorligini tahlil qilish va monitoringida ishtirok etish, ular bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish va yuritish;

maqsadli dasturlarni amalga oshirish tadbirlarini moliyalashtirishni ta’minlash, ipoteka krediti bozorini rivojlantirishga XMI va XHMT mablag‘larini jalb etishda ishtirok etish;

moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda qimmatli qog‘ozlarni va moliyaviy vositalarni tartibga solish sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha, shu jumladan, ilg‘or jahon tajribasini va korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini inobatga olgan holda takliflar tayyorlash;

maqsadli dasturlarni amalga oshirish doirasida olib borilayotgan chora-tadbirlar, belgilangan tartib-taomillar va qo‘llanilayotgan mexanizmlar to‘g‘risida jamoatchilikni keng xabardor qilishni tashkil etish.
13. 2019 yil 1 yanvarga qadar qurilishga ruxsat etilgan uy-joy fondi ob’ektlarini (2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturiga, 2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturiga kiritilgan ob’ektlar bundan mustasno) birlamchi uy-joy bozorida realizatsiya qilish oboroti 2020 yilning 1 yanvariga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
15. Belgilansinki, ushbu Farmonning 2-ilovasi 3-bandi “b” kichik bandida nazarda tutilgan o‘zgartirish 2019 yil 1 oktyabrdan kuchga kiradi.

16. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari G.K.Saidova zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2019 yil 13 may


Maqola muallifi

Teglar

Prezident farmoni

Baholaganlar

16

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing