Prezident Imomali Rahmonning o‘g‘lini qabul qildi
Jamiyat
−
03 dekabr 2019
6415O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 3 dekabr kuni Tojikiston Respublikasining poytaxti – Dushanbe shahri raisi Rustam Imomalini qabul qildi.
Uchrashuv avvalida davlat rahbari O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari keyingi yillarda izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Ikki qardosh mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli ko‘p qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish ta’minlangani, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida strategik sheriklik yo‘lga qo‘yilgani alohida qayd etildi.
Dushanbe shahri raisi Rustam Imomali qabul uchun samimiy minnatdorlik bildirib, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz poytaxtlari Toshkent va Dushanbe o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Shaharni boshqarish va infratuzilmani rivojlantirish, “yo‘l xaritasi” asosida qo‘shma kooperatsiya loyihalari va madaniy-gumanitar hamkorlik dasturlarini amalga oshirish kabi yo‘nalishlarda muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Eslatib o‘tamiz, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun joriy yilning 28-29 noyabr kunlari amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgan edi.
LiveBarchasi