Prezident iqtisodiy kompleks rahbarlari va hokimlarning 6 muhim vazifasini belgiladi
Jamiyat
−
26 yanvar 2022 6310 2 daqiqa
O‘zbekistonda iqtisodiy kompleks rahbarlari va hokimlar oldiga iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha aniq talablar qo‘yildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida so‘z bordi.
“Hech kimga sir emas – bugun jamiyatda tinchlik va barqarorlikni saqlash, mustaqilligimizni mustahkamlash, mamlakatimizning hududiy yaxlitligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash eng muhim vazifa, kerak bo‘lsa, masalalarning masalasi bo‘lib turibdi”, deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
U faqat samarali iqtisodiy islohotlargina mavjud ijtimoiy muammolarni yechish imkonini berishini qayd etdi.
“Biz kelgusi faoliyatimizda iqtisodiyot tarmoqlarini kompleks va jadal rivojlantirish orqali zamonaviy ish o‘rinlarini yaratish, kambag‘allikni qisqartirishga eng asosiy e’tibor qaratishimiz shart”, dedi Prezident va strategiyaning iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash yo‘nalishi bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.
Yig‘ilishda barcha iqtisodiy kompleks rahbarlari va hokimlar oldiga quyidagi vazifalar qo‘yildi:
• yalpi ichki mahsulotni 100 milliard dollardan oshirib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni 1,4 baravarga ko‘paytirish va kambag‘allik darajasini kamida 2 baravarga qisqartirish;
• joriy yilda inflyatsiya darajasini 9 foizdan oshirmaslik;
• joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 10 trillion so‘m kreditlarni “mahallabay” kafolatli yetib borishini ta’minlash;
• byudjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik;
• dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravarga oshirib, agrar tarmoqda yillik o‘sishni kamida 5 foizga yetkazish;
• yaqin besh yilda iqtisodiyotga 120 milliard dollar, shu jumladan 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etish, eksport hajmini yiliga 30 milliard dollardan oshirish.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr