Prezident farmoni bilan Adliya vazirligiga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi
Jamiyat
−
21 may 2020
3651O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Yagona davlat huquqiy siyosatini, jumladan, norma ijodkorligi faoliyatini sifatli tashkil etish, izchil va bir xil huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirish, davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini ta’minlash, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, fuqarolarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish borasida adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish, shuningdek, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (keyingi o‘rinlarda – Vazirlik) zimmasiga quyidagi qo‘shimcha vazifa va funksiyalar yuklatilsin:
jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlash, shuningdek, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan izchil huquqiy siyosatni takomillashtirish;
barcha sohalarda qonunchilikni tizimlashtirish va kodifikatsiyalash ishlarini samarali yo‘lga qo‘yish, qabul qilinganiga ko‘p vaqt bo‘lgan qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish va ularni bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlarga uyg‘unlashtirish;
fuqarolarning kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni tahlil qilib borish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlari takomillashtirilishini ta’minlash;
jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiladigan samarali fuqarolik-huquqiy mexanizmlarni joriy qilish va rivojlantirish;
qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmuni va ahamiyatini aholi, tadbirkorlik sub’ektlari hamda xorijiy investorlarga yetkazish ko‘lamini kengaytirish, bu borada tarmoq vazirlik va idoralar faoliyati samaradorligini oshirish;
ma’muriy tartib-taomillar sohasini ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy rivojlanish tendensiyalari asosida muntazam ravishda takomillashtirib borish;
davlat boshqaruvi tizimining tartibga solish ta’sirini baholash bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasi o‘rnining yaxshilanishiga to‘sqinlik qilayotgan huquqiy omillar yuzasidan fundamental huquqiy tadqiqotlar o‘tkazilishini ta’minlash;
adliya organlari va muassasalari faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hamda davlat xizmatlarini raqamlashtirish orqali “virtual adliya” tizimini ishga tushirish.
Vazirlik mazkur bandda keltirilgan qo‘shimcha vazifa va funksiyalarni amalga oshirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
2. Quyidagilar:
2020–2024 yillarda adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish konsepsiyasi 1-ilovaga muvofiq;
2020–2024 yillarda adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish konsepsiyasini 2020–2021 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;
2020–2024 yillarda adliya organlari va muassasalarini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlik 2021 yildan boshlab har yili 1 dekabrga qadar joriy yil uchun belgilangan vazifalarning bajarilishini chuqur tahlil etgan holda mazkur konsepsiyani amalga oshirish yuzasidan kelgusi yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilishi va Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta’minlasin.
3. Vazirlik 2020 yil yakuniga qadar shu jumladan, quyidagi asosiy maqsadli ko‘rsatkichlarga (indikatorlarga) erishilishini ta’minlasin:
Vazirlik tomonidan ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonun loyihalari sifatida qabul qilish orqali ularning ulushini 20 foizga yetkazish;
davlat boshqaruvi tizimini funksional tahlil qilgan holda vazirlik va idoralarning kamida 10 ta funksiyalarini nodavlat sektorga o‘tkazish bo‘yicha taklif kiritish;
2018–2019 yillarda yangi (qayta) tashkil qilingan 8 ta vazirlik va idoralar faoliyatini o‘rganish, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi faoliyatini;
elektron shaklda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ulushini 12 foizga yetkazish;
aholiga Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan yangi xizmatlar sonini 15 taga oshirish;
nodavlat notariat shakliga aylantirilgan davlat notarial idoralarining ulushini 95 foizga yetkazish;
29 ta qonunosti hujjatlari bilan belgilangan javobgarlik va sanksiya normalarini chuqur tahlil qilish va tegishli qonunlarga kiritilishini ta’minlash.
4. Vazirlik amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlarning samaradorligi va natijadorligini monitoring qilish, ushbu sohada vazirlik va idoralar vakolati va funksiyalarining to‘liq va sifatli amalga oshirilayotganligi hamda belgilangan maqsadlarga erishilayotganligini funksional tahlil qilish bo‘yicha vakolatli organ deb hisoblansin.
Shunday tartib joriy qilinsinki, unga muvofiq Vazirlik:
yangi (qayta) tashkil qilingan vazirlik va idoralar, shu jumladan, ular tarkibidagi alohida tashkilotlarga (agentliklar, inspeksiyalar, markazlar va boshqalar) yuklatilgan vazifa va funksiyalarning samarali amalga oshirilayotganligini ular yangi (qayta) tashkil qilingan kundan boshlab kamida 6 oy o‘tgandan so‘ng o‘rganadi;
mazkur o‘rganishlarga tegishli masalaga taalluqliligidan kelib chiqib, boshqa vazirlik va idoralarning malakali mutaxassislarini jalb qilishga haqli;
o‘rganish natijalari bo‘yicha asoslantirilgan tahliliy materiallar va takliflar tayyorlaydi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun kiritadi;
ma’muriy islohotlar doirasida vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqiladigan yangi tashabbuslarni ko‘rib chiqadi hamda ular yuzasidan inobatga olinishi majburiy bo‘lgan xulosalar beradi;
vazirlik va idoralar, shu jumladan, ular tarkibidagi alohida tashkilotlarning (agentliklar, inspeksiyalar, markazlar va boshqalar) vazifa va funksiyalari amalga oshirilishining samaradorligi ko‘rsatkichlarini (indikatorlarini) baholaydi va natijasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Rayosati majlisida muhokama qilish uchun umumlashtirilgan hisobot, shuningdek, samaradorlik ko‘rsatkichlariga (indikatorlariga) erishmagan davlat organlari mansabdor shaxslariga nisbatan tegishli javobgarlik choralarini qo‘llash bo‘yicha taklif kiritadi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 avgustdagi PF–5505-son Farmoni bilan tashkil qilingan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha komissiya, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Vazirlikning 2020 yil 1 iyuldan boshlab:
xo‘jalik boshqaruvi organlari vakolatiga kiruvchi masalalar va korporativ munosabatlar qonunosti hujjatlarini qabul qilish yoki ma’muriy usullar orqali tartibga solinishini taqiqlash;
jismoniy va yuridik shaxslar uchun javobgarlik belgilovchi huquqiy normalarning faqatgina qonunlar bilan o‘rnatilishini belgilash;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga jismoniy va yuridik shaxslar uchun qo‘shimcha to‘lov va yig‘imlarni belgilovchi, ortiqcha ma’muriy va boshqa cheklashlarni nazarda tutuvchi, ularga asoslanmagan xarajatlar yuzaga kelishiga olib keluvchi, ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan huquqiy normalarni kiritishga yo‘l qo‘ymaslik;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga huquqiy normalar kiritishga yo‘l qo‘ymaslik;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni Vazirlikda majburiy tartibda huquqiy ekspertizadan o‘tkazish hamda ijobiy xulosa olingandan so‘ng hisobga olinishi va kuchga kirish tartibini amaliyotga joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
6. Quyidagilar:
Qonunosti hujjatlarining huquqiy javobgarlik va sanksiya belgilovchi normalarini qayta ko‘rib chiqish dasturi 4-ilovaga muvofiq;
Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjat shakliga o‘tkazish rejasi 5-ilovaga muvofiq;
Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. 2020 yil 1 iyuldan boshlab normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda konseptual jihatdan yangi mexanizmlarni yaratishning quyidagilarni nazarda tutuvchi “paket” prinsipi joriy qilinsin:
yangi qonun loyihasini ishlab chiqishda uni amalga oshirishga qaratilgan havolaki normalar yangi qonun bilan birga yoki qonunda belgilangan muddatda ishlab chiqiladi va kuchga kiradi;
yangi qonun loyihasi bilan belgilanayotgan qoidalar ilgari qabul qilingan qonunlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritishni taqozo etganda, ilgari qabul qilingan qonunlarga o‘zgartirish kiritish yangi qonunni qabul qilish bilan bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladi;
vazirlik va idoralar o‘zlari tomonidan qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga bir xil masaladagi o‘zgartirish va qo‘shimchalarni bitta hujjat bilan kiritadi;
Vazirlikka Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestrida mavjud bo‘lgan hujjatlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi, bunda ular aynan bir xil masalada va texnik ko‘rinishda bo‘lishi lozim.
8. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:
qonunchilikni tizimlashtirish va ortiqcha huquqiy tartibga solishni kamaytirish maqsadida 2020 yil 1 iyuldan 2021 yil 1 yanvargacha idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish to‘xtatilsin (o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi, shuningdek, unifikatsiya qilishni nazarda tutuvchi idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish bundan mustasno);
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, qabul qilish, huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish 2020 yil 1 iyuldan boshlab sinov tariqasida, 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab esa to‘liq Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.
9. Vazirlik markaziy apparati tuzilmasida:
a) O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi direktori lavozimini saqlagan holda adliya vaziri o‘rinbosari – Intellektual mulk agentligi direktori lavozimi tugatilsin;
b) Toshkent davlat yuridik universiteti rektori lavozimini saqlagan holda adliya vaziri o‘rinbosari – Toshkent davlat yuridik universiteti rektori lavozimi tugatilsin;
v) O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosarlari lavozimlari kiritilsin;
g) boshqaruv xodimlarining cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida:
Fuqarolik-huquqiy munosabatlarni rivojlantirish boshqarmasi;
Ma’muriy tartib-taomillarni takomillashtirish va monitoringini yuritish boshqarmasi tashkil etilsin.
10. Vazirlikning davlat organlari va tashkilotlariga sifatli yuridik xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida Namangan shahri va Qarshi tumanida eksperiment tariqasida tuman (shahar) adliya bo‘limlari huzurida davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazlarini (keyingi o‘rinlarda – Yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazlari) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Belgilab qo‘yilsinki, Yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazlari:
byudjetdan moliyalashtiriladigan tuman (shahar) davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlaridagi mavjud shtat birliklarini qisqartirish hisobiga tashkil etiladi;
tegishli tashkilotda qonun hujjatlari bilan yuridik xizmatlarga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshiradi.
Vazirlik eksperiment natijalari asosida 2021 yil 1 yanvarga qadar ushbu tizimni respublikaning barcha hududlariga tatbiq etish yuzasidan asoslantirilgan takliflarni kiritsin.
11. Vazirlik huzuridagi “Adolat” huquqiy axborot markazi davlat muassasasi, “Inson va qonun” gazetasi tahririyati davlat unitar korxonasi hamda “Huquq va burch” ijtimoiy-huquqiy jurnali tahririyatini birlashtirish yo‘li bilan ularning negizida Vazirlik qoshida davlat muassasasi shaklidagi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) tashkil etilsin.
Belgilansinki, Markaz:
aholi va ijrochilarga jamiyatda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan huquqiy axborotlarni hamda targ‘ibot materiallarini tayyorlash va tezkor tarqatish, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar matnlarini rasmiy e’lon qilish sohasida respublikaning yetakchi davlat muassasasi hisoblanadi;
tarkibidagi “Inson va qonun” gazetasi tahririyati hamda “Huquq va burch” ijtimoiy-huquqiy jurnali tahririyati amaldagi xizmat ko‘rsatish sohalarini saqlab qolgan holda faoliyat yuritadi va o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi, ushbu mablag‘larning yetishmagan qismi esa Vazirlikning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
12. Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risidagi normativ hujjatlarni qabul qiluvchi barcha vazirlik va idoralar uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasiga joylashtirish uchun Vazirlikka texnik reglamentlar, standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlar, sanitariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya qoidalari va normalari, shaharsozlik normalari va qoidalari, ekologik normalar va qoidalar, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi boshqa hujjatlarning taqdim etilishini ta’minlasin.
Vazirlik 2021 yil 1 yanvarga qadar texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risidagi normativ hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasiga joylashtirish ishlarini to‘liq yakunlasin va natijasi haqida Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritsin.
13. Vazirlik:
a) 2020 yil 1 iyuldan boshlab idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining buyrug‘ini qabul qilish amaliyotini bekor qilsin hamda idoraviy normativ-huquqiy hujjatga davlat reyestri orqali unikal raqam bergan holda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi joriy etilishini;
b) vazirlik va idoralarning norma ijodkorligi sohasidagi faoliyatida qonun hujjatlari va mazkur Farmonda ko‘rsatilgan talablarni muntazam ravishda buzayotgan aybdor mansabdor shaxslarni tegishli javobgarlikka tortish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borilishini;
v) bir oy muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida umumiy tusdagi, harakatsiz va huquqni qo‘llash amaliyotiga ta’sir etmaydigan qonun hujjatlarini bekor qilish bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini;
Yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazlari va “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha Hukumat qarori loyihalari kiritilishini;
g) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda:
tartibga solish ta’sirini baholashning kompleks tizimini joriy etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan, shu jumladan, adliya organlarining bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalarini bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritilishini ta’minlasin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va Hukumatining ayrim hujjatlariga 7-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
15. Mazkur Farmon ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirzyoyev
Toshkent shahri, 2020 yil 19 may
LiveBarchasi