Prezident Farg‘onadan olib kelgan kadr nomzodi vazirlikka ko‘rsatildi

Jamiyat

image

Joriy yilning 12 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Mahalla va oila masalalari vazirligi tashkil etilishi haqida ma’lum qilingan edi. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugun, 18 fevral kuni o‘tkazilgan navbatdagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonini tasdiqlash haqidagi masala ko‘rib chiqildi. Davlat rahbarining mazkur Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etilmoqda. Deputatlar mazkur Farmonni tasdiqladilar.

Shuningdek, deputatlar ushbu yangi vazirlik rahbari — O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri — Hukumat a’zoligiga tayinlanayotgan nomzodni ko‘rib chiqdilar, deb yozmoqda “Xalq so‘zi”.

O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri lavozimiga ayni paytda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi raisining birinchi o‘rinbosari — “Mahalla” xayriya jamoat fondi raisi lavozimida ishlab kelayotgan Rahmat Mamatov nomzodi ko‘rsatilgan.

Savol-javob, muhokamalar yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Rahmat Mamatovni O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri lavozimiga ma’qullash haqidagi qarori qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining birinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rahmat Mamatovni Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i lavozimidan “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlagani va u bilan o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha yangi rejalar ustida ishlayotganini aytgan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rahmat Mamatov

Baholaganlar

272

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing