Sayyohlarga elektroshoker qo‘llagan IIO xodimlarining rahbarlari ham “uchdi”
Jamiyat
−
06 iyun 2022
22491Samarqandda qozog‘istonlik sayyohlarga elektroshoker qo‘llagan ichki ishlar xodimlarining ikki nafar rahbari ishdan olindi. Bunday holatlar takrorlanmasligi uchun yangi choralar ishlab chiqilgan. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Rahmat Mamatov ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. Anjuman tafsilotlari STV telekanalida berildi.
“Elektroshoker masalasi bo‘yicha biz chuqur xizmat tekshiruvi o‘tkazdik. Uni keng muhokama qildik. Elektroshoker qo‘llagan ikki xodim ham egallab turgan lavozimidan olingan. Prokuratura tomonidan ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari ketayapti. Ularning ikkala rahbari ham bevosita yo‘riqnoma berishda xatolikka yo‘l qo‘ygani uchun ishdan olindi”, deydi Rahmat Mamatov.
Uning ta’kidlanishicha, endi har bir ichki ishlar xodimining qo‘lida fuqarolar bilan qanday muomala qilish va elektroshokerni qanday holatlarda qo‘llash bo‘yicha ma’lumotlar keltirilgan yo‘riqnoma bo‘ladi.
“Kim bilan qanday muomalada bo‘lish kerak, bular bo‘yicha biz qo‘llanma [ishlab chiqdik]. Har bitta soha, ya’ni ko‘proq fuqarolar bilan ishlaydigan profilaktika tizimi, yo‘l harakati xavfsizligi, patrul-post xizmati bilan bitta rahbar o‘zi borib kunlik yo‘riqnoma o‘tayapti”, deydi viloyat IIB boshlig‘i.
Mamatovning so‘zlariga ko‘ra, yil boshidan beri xizmat vazifasini yetarli darajada bajarmagan, fuqarolar bilan ishlamagan 11 nafar profilaktika inspektori ichki ishlar tizimidan ishdan olingan, 10 nafardan ortig‘iga esa intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.
“Kecha viloyat IIB fuqarolarning murojaatlari bilan ishlaydigan boshqarma boshlig‘ini ishdan oldim. Sababi — nima uchun fuqaro ikkinchi marta ovora bo‘lib kelishi kerak? Nima uchun uning murojaati vaqtida telefon orqali yetkazilmadi? Sizni mana shu murojaatingiz yechimi mana shunday deb topildi, deb aytmaydi”, deya tanqid qildi boshqarma boshlig‘i.
Qolaversa, Rahmat Mamatov fuqarolarning ongida ichki ishlar organlariga nisbatan salbiy fikrlar shakllanib qolganiga xodimlarning qo‘pol muomalasi sabab bo‘layotganini ta’kidladi.
“Baribir o‘sha fikr borligining o‘zi noto‘g‘ri. Ijobiy bo‘lishi uchun biz qachonki “san” so‘zimizni yo‘qotib, “siz”ga o‘tishimiz kerak. Qanaqa muammosi bo‘layotgan bo‘lsa tinglayapti, yechimini topayapti. Huquqbuzarlik sodir etgan bo‘lsa, fuqaro o‘zi tan olgan holda, sudga chiqqanda ham agar qo‘pol gapirmagan bo‘lsak, hech qachon bizga nisbatan salbiy fikr bildirmaydi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 maydan 21 mayga o‘tar kechasi Samarqand shahrida tungi xizmatga jalb etilgan Samarqand shahar IIB Patrul-post xizmati xodimlari, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida qo‘shni mamlakatdan O‘zbekistonga mehmonga kelgan sayyohlarning shaxsini tekshirish jarayonida qo‘pol munosabatda bo‘lib, xizmat vazifasini va maxsus-texnik vositalarni qo‘llash vakolatini suiiste’mol qilgan.
Tergov davomida IIB xodimlari sayyohlarga nisbatan noqonuniy tarzda kuch ishlatgani tasdiqlanib, ikki nafari ishdan bo‘shatildi. Prokuratura ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishini qo‘zg‘atdi.
LiveBarchasi