Prezident Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi qonunni imzoladi
Jamiyat
−
11 may 2019
4489Joriy yilning 10 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Qonunga muvofiq, davlat-xususiy sheriklik bu davlat sherigi va xususiy sherikning muayyan muddatga yuridik jihatdan rasmiylashtirilgan, davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun o‘z resurslarini birlashtirishiga asoslangan hamkorligi hisoblanadi.
Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi davlat-xususiy sheriklik sohasida davlat siyosatini amalga oshiradi.
Qonun bilan davlat-xususiy sheriklik taraflarining huquq va majburiyatlari belgilab berildi.
Davlat-xususiy sheriklik loyihasi davlat organi (tashkiloti) va (yoki) yakka tartibdagi tadbirkor yoxud yuridik shaxs tomonidan tashabbus qilinishi mumkin.
Davlat sherigi tender yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar natijalari bo‘yicha aniqlanadigan xususiy sherik bilan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida bitim tuzadi.
Tender mezonlari aniq bo‘lishi va unda kamsituvchi qoidalar bo‘lmasligi kerak.
Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning amal qilish muddati uch yildan kam bo‘lmasligi va qirq to‘qqiz yildan oshmasligi kerak.
Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning taraflari o‘z majburiyatlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgar bo‘ladi.
Agar keyingi qonun hujjatlari davlat-xususiy sheriklik ob’ektiga investitsiya kiritish shartlarini yomonlashtirsa, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim tuzilgan sanadan e’tiboran o‘n yil mobaynida xususiy sherikka nisbatan bitimni tuzish sanasida amalda bo‘lgan qonun hujjatlari qo‘llaniladi.
LiveBarchasi