Prezident Bojxona rasmiylashtiruvi markazi bilan tanishdi
Jamiyat
−
29 avgust 2023 7922 2 daqiqa
Bugun, 29 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishishi mobaynida, Davlat bojxona qo‘mitasida tashkil etilgan Bojxona rasmiylashtiruvi markazini borib ko‘rdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Markaz davlat rahbarining 2022 yil 27 apreldagi bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir farmoniga binoan sohani raqamli transformatsiya qilish, xizmatlar sifati va tezkorligini oshirish maqsadida ishga tushirilgan.

“Bu yerda Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi, Masofaviy elektron deklaratsiyalash posti, “Call-markaz”, Targetlash va xavflarni boshqarish bo‘limlari tashkil etildi. Axborot tizimi xorijiy davlatlar, mamlakat vazirlik va idoralari, tashqi iqtisodiy faoliyat vakillari, aviakompaniyalar ma’lumotlari bilan integratsiya qilindi”, deyiladi xabarda.

Masofaviy elektron deklaratsiyalash postida dastlabki bosqichda Toshkent shahri tadbirkorlari masofadan turib yuboradigan bojxona yuk deklaratsiyalarini tezkorlik bilan rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yilgan. Keyinchalik bu bilan respublikadagi barcha rasmiylashtiruv jarayonlarini qamrab olish rejalashtirilgan.
“Call-markaz”da bojxona organlarining 11-08 ishonch telefoni hamda qo‘mita veb-sayti orqali kelib tushayotgan murojaatlarga javob beriladi. Targetlash va xavflarni boshqarish bo‘limi esa Jahon bojxona tashkiloti bilan hamkorlikda, rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ochilgan. Bu yerda tezkor tuzilmalar tomonidan bojxonaning 50 ta, Jahon bojxona tashkilotining 3 ta axborot dasturi, 30 dan ortiq idoralar va xorijiy bojxonalarning ma’lumotlari tahlil qilinib, xavf-xatarlar baholanadi va barcha bojxona postlari faoliyati masofadan boshqariladi.

Soha raqamlashtirilishi natijasida bojxona rasmiylashtiruvi vaqti o‘rtacha 2 barobarga qisqargan. 2017 yilda eksport yo‘nalishida bojxona rasmiylashtiruvi uchun 5 soat 42 daqiqa sarflangan bo‘lsa, 2023 yilda bu 30 daqiqani tashkil etgan. Bojxona yuk deklaratsiyalarini sun’iy intellekt yordamida avtomatik rasmiylashtirish hajmi ham oshirilgan.

“Bu sharoitlar, natijalar, albatta, odamni quvontiradi. Lekin raqamlashtirish shunday jarayonki, bir joyda cheklanib qolmaydi. Sohada qilingan ishlardan ko‘ra, qilinishi kerak bo‘lgan vazifalar ko‘p. Shuning uchun qulayliklarni muntazam oshirib borish zarur. Tizim faoliyatiga tadbirkorlar baho berishi kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident import tarkibining tahlili asosida mahalliy tadbirkorlarga taklif berish, bojxona hududida qayta ishlashni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan. Shuningdek, xodimlarning moddiy-ijtimoiy sharoitlarini yaxshilab, tizimni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish vazifasi qo‘yilgan.
Akobir Sayidov
Live
Barchasi