Prezident “China Energy” kompaniyasi raisi bilan uchrashdi

Olam

image

Bugun, 18 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyga tashrifining ikkinchi kunidagi tadbirlar doirasida “China Energy Engineering Corporation” raisi Sun Xaylyan bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Zamonaviy energetika, infratuzilma va sanoat ob’ektlarini loyihalashtirish va qurish borasida katta tajribaga ega Xitoyning “China Energy” yetakchi korporatsiyasi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda. Kompaniya aktivlarining qiymati 150 milliard dollardan ortiq.

Uchrashuvda kompaniya O‘zbekiston energetikasini texnologik modernizatsiya qilishda faol ishtirok etayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.

“China Energy” Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida quyosh va shamol elektr stansiyalari, Sirdaryo viloyatida issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihalarini amalga oshirmoqda.

Kompaniya Navoiy viloyatida gibrid elektr stansiyasini barpo etishda ishtirok etish niyatida.

Bundan tashqari, joriy yilning sentyabr oyida Samarqand viloyatida sement ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy quvvatlar birgalikda ishga tushirilgan.

“China Energy” bilan sheriklik istiqbollari, shu jumladan, infratuzilma ob’ektlarini modernizatsiya qilish, energiyani saqlash tizimlarini tashkil etish, energetika tarmog‘ini 2030 yilgacha rivojlantirish dasturi doirasida malakali mutaxassislarni tayyorlash masalalari muhokama qilingan.

Suv xo‘jaligida kooperatsiya qilish, sanoatning turli tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga ham alohida e’tibor qaratilib, uchrashuv yakunida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kompleks dasturni tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Pekin shahrida "China CAMC Engineering" kompaniyasi raisi Van Boni qabul qilgandi. Bundan tashqari, kecha, 17 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Xitoyga amaliy tashrifi doirasida Vetnam Sotsialistik Respublikasi Prezidenti Vo Van Txiong bilan uchrashgandi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Sun Xaylyan China Energy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing