“Prezident bo‘lishga noloyiq”. Kim Chen Inning singlisi Janubiy Koreya rahbariga “tosh otdi”

Olam

image

Koreya Xalq Demokratik Respublikasi rahbari Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjon Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inni tanqid qildi. Bu bayonot esa KXDR ommaviy axborot vositalari tomonidan e’lon qilinmadi. Bu haqda Janubiy Koreyaning “Yonhap” agentligi xabar bergan.  

Ta’kidlanishicha, kecha, 15 sentyabr kuni Janubiy Koreya Chxunchxon-Namdo provinsiyasidagi poligonda “Dosan An Chan Xo” suv osti kemasidan raketa uchirdi. Shundan so‘ng, Mun Chje In Koreya Respublikasining ballistiklarni ishlab chiqishi Pxenyan uchun yetarlicha to‘siq bo‘ladi, degan fikrni bildirdi.

Bunga javoban, Shimoliy Koreya o‘sha kunning o‘zidayoq Koreya Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasi targ‘ibot va tashviqot bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari, Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjonning bayonotini e’lon qildi. U Janubiy Koreya rahbarini “mamlakat Prezidenti bo‘lishga noloyiq ahmoq” deb atagan va uning bu kabi bayonotlari Shimol va Janub o‘rtasidagi munosabatlarning butunlay “muzlash”iga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan. 

Shu bilan birga, Kim Yo Chjon Pxenyan voqealarning bunday rivojlanishini yoqtirmasligini ta’kidlagan.

Qayd etilishicha, avval Kim Yo Chjonning Seul va Vashingtonni tanqid qilgan barcha bayonotlari KXDRning yetakchi nashrlari tomonidan doimiy ravishda nashr etilgan, shuningdek, radio va televideniyeda namoyish qilingan.

Bir qator ekspertlarning fikricha, bu safar bunday nashrlarning yo‘qligi KXDRning ko‘p tomonlama muloqotni qayta boshlashga tayyorligini ko‘rsatishi mumkin.

Avvalroq, KXDR uzoq masofaga uchuvchi yangi qanotli raketani muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazgani haqida xabar bergandik. 15 sentyabr kuni esa KXDR bir necha daqiqalik farq bilan Yapon dengizi tomon ikkita raketa uchirgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya KXDR

Baholaganlar

326

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing