Prezident bitiruvchilarga tabrik yo‘lladi

Jamiyat

image

Bugun, 24 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilariga tabrik yo‘lladi.

“Avvalo, mana shu quvonchli ayyomda yetuklik shahodatnomasini qo‘lga olib, mustaqil hayotga qadam qo‘yayotganingiz bilan barchangizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman”, deyiladi Prezident tabriknomasida.

Aytilishicha, 25 may sanasida mamlakatdagi 10 mingdan ziyod maktablarni qariyb 392 ming nafar yoshlar bitiradi. Ular orasida 12 mingdan ortiq bitiruvchilar o‘qishni oltin, 2 mingdan ziyodi kumush medal bilan yakunlaydi. 

Prezident tabrigida ma’lum qilinishicha, o‘tgan yili 3,2 trillion so‘m mablag‘ hisobidan 807 ta maktabda qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Bu yil esa o‘rta ta’lim maskanlariga 40 ming dona zamonaviy kompyuterlar, 442 ta komplekt robototexnika jihozlari va boshqa zarur ashyolar yetkazib berilgan.

“Ana shunday ishlarimizning samarasi sifatida mamlakatdagi o‘quvchilar joriy yilda mintaqaviy va xalqaro fan olimpiadalarda 2 ta oltin, 15 ta kumush, 27 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan, 6 nafar iste’dodli qiz “Zulfiya” nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Keyingi paytda O‘zbekiston unib-o‘sib kelayotgan sizdek azmu shijoatli yoshlarimiz uchun ulkan imkoniyatlar mamlakatiga aylanib bormoqda. Yurtimizdagi 210 ta oliygoh, 330 ta kasb-hunar maktabi, qariyb 400 ga yaqin kollej va texnikumlar sizlarga o‘zingiz tanlagan sohalar bo‘yicha yetuk kadr va malakali mutaxassis bo‘lish uchun imkoniyat maydoni bo‘lib xizmat qiladi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, tabriknomada talabalarning ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o‘qib, oliy ma’lumot olishini ta’minlash maqsadida 154 ta oliygohda sirtqi, 15 ta oliygohda esa masofaviy ta’lim shakli faoliyat ko‘rsatayotgani aytilgan.

“Ishonchim komilki, sizlar yaratilgan ushbu imkoniyatlardan foydalangan holda, kelgusida yurtimizdagi zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, katta-katta firma va kompaniyalar, davlat va nodavlat tashkilotlarida mehnat qilib, o‘z bilim va malakangiz bilan mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shasiz. Ana shunday sharafli va mas’uliyatli yo‘lda barchangizga ulkan yutuq va muvaffaqiyatlar, shaxsiy hayotingizda baxt va omad tilayman. Sizlarni maktab ta’limini muvaffaqiyatli tamomlaganingiz bilan yana bir bor samimiy tabriklayman”, deydi Prezident.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev maktab O'zbekiston bitiruvchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing