Prezident bir piyola choy ustida Andijon faollari bilan suhbatlashdi

Jamiyat

image

Bugun, 23 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi hayot” hududidagi 192 gektar maydonda barpo etilgan ekoturizm majmuasiga tashrif buyurib, viloyat faollari bilan bir dasturxon atrofida suhbatlashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, loyiha davlat rahbarining topshirig‘i asosida Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan amalga oshirilgan. Tabiat va zamonaviy qulayliklar uyg‘unlashgan ushbu maskan qisqa vaqtda aholi va sayyohlar e’tiborini tortgan. Majmua baland tepalikda joylashgan bo‘lib, u yerdan tumanning keng manzarasi namoyon bo‘ladi.

Hududda kapsula shaklidagi 4 ta zamonaviy dam olish uyi va milliy uslubdagi 5 ta o‘tov o‘rnatilgan. O‘ttiz gektar maydonda manzarali daraxtlar va archalar ekilgan. Oilaviy restoran, turli attraksionlar hamda zamonaviy tungi yoritish tizimi tashkil etilgan.

Majmuada tabiiy muhitni saqlash va resurslardan oqilona foydalanishga alohida e’tibor qaratilgan. Hududda 14 ming kub metr sig‘imga ega membranali suv havzasi qurilgan. Daraxt va ekinlar to‘liq tomchilatib sug‘orish tizimi orqali sug‘oriladi.

Loyihaning umumiy qiymati 51,8 milliard so‘mni tashkil etadi. Uning amalga oshirilishi natijasida mahalliy aholi uchun 275 ta doimiy va 200 ta mavsumiy ish o‘rni yaratilgan. Shuningdek, bog‘da yetishtiriladigan uzumni eksport qilish rejalashtirilgan.

Muassasa to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, yiliga 80 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilishi hamda mahalliy byudjetga 3 milliard so‘m tushum ta’minlanishi kutilmoqda.

Joriy yil yakuniga qadar to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan “Uzum bog‘i” majmuasi Andijon viloyatining jozibador sayyohlik maskanlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.

Shu yerda yozilgan dasturxon atrofida davlat rahbari viloyat faollari va mehnat faxriylari bilan samimiy suhbatlashgan. Muloqotda Andijonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar, aholi farovonligini oshirish, mahallalarni obod qilish va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish haqida so‘z borgan.

Tadbir davomida madaniy dastur va dronlar shousi namoyish etilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing