Prezident bir necha davlatlarda to‘qimachilik savdo uylarini ochishga topshiriq berdi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev kelgusi yilda Xanoy (Vetnam), Lots (Polsha), Ivanovo (Rossiya), Prata (Italiya) shaharlarida to‘qimachilik savdo uylarini ochishga topshiriq berdi. Bu haqda bugun, 18 dekabr kuni davlat rahbari raisligida ishlab chiqarishni yanada kengaytirish va xizmatlarni rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Ushbu yig‘ilishda bugungi kunda trikotaj kiyim va mato, gazlama, kabel, maishiy texnika, mevalar, uzum, dukkakli ekinlar, qayta ishlangan meva-sabzavot kabi eng ko‘p eksport bo‘ladigan 10 turdagi mahsulotni tashqi bozorlarga olib kirishda ko‘plab to‘siqlar borligi qayd etildi.

Unga ko‘ra, tarmoqlar har doimgi eksport bozorlari bilan cheklanib qolayapti hamda yangi bozorlarga kirib borishga ularda toqat yetishmayotgani ko‘rsatib o‘tilgan.

Yig‘ilishda mutasaddilarga eksportbop 10 turdagi tayyor mahsulotning har biriga 10 tadan yangi istiqbolli bozorni belgilab, bozorlarda mahsulotlarga texnik va sifat talablarini o‘rganib, O‘zbekiston korxonalariga ularni o‘rgatish, laboratoriyasiga yordam berish topshirilgan. Xorijdagi hamkasblar bilan muzokara o‘tkazib, sertifikat, boj va yig‘imlarni yumshatish bo‘yicha choralar ko‘rish vazifasi qo‘yilgan.

Davlat rahbari ishlab chiqarish va eksportni oshirish bo‘yicha yangi imkoniyatlarni ham ko‘rsatib o‘tgan.

To‘qimachilik sanoatida kiyim-kechak, uy tekstili, mehmonxona uchun sochiq, choyshab, yostiq, matras, parda kabi mamlakatda ishlab chiqarsa bo‘ladigan tovarlar asosan chetdan olib kelinayotgani qayd etilib, aralash tola va undan tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatlarini ko‘paytirish kerakligi ta’kidlangan.

Buning uchun birinchi bosqichda 125 ming tonna sun’iy toladan ip-kalava ishlab chiqarish bo‘yicha 15 ta loyiha ishga tushirilishi belgilandi. Shuningdek, Andijon shahrida 15 million dollarlik, Samarqand shahrida 20 million dollarlik loyiha hisobiga sun’iy toladan parda va mebel matolari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Kelgusi yilda to‘qimachilikda yana kamida 700 million dollar qo‘shilgan qiymat yaratish, trikotaj bo‘yoqxonalar quvvatini 40 foizga, gazlama matoda – 30 foizga olib chiqish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Shu bilan birga, mutasaddilarga tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi to‘qimachilik korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim joriy qilish topshirilib, yuqori qiymat beradigan yangi loyihalarga 200 million dollar resurs sifatida ajratilishi belgilandi.

Bu mablag‘lar yirik tozalash inshootlari qurib beriladigan hududda bo‘yoqxonalar tashkil qilish loyihalariga beriladi. Ularga suvni tozalash inshootlari xarajatlari davlat hisobidan qoplanadi.

Prezident yig‘ilishda mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqishga ham alohida to‘xtalib o‘tgan.

Urg‘ulanishicha, mashhur brendlar o‘zi ishlab chiqarish qilmay, balki aniq talablarni belgilab, buyurtmalarini bunga javob beradigan ishlab chiqaruvchilarga joylashtiradi. “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan”  yorlig‘i bor mahsulotlar tashqi bozorlarda brendga aylanmagani uchun arzon sotilmoqda.

“Endi mahsulotlarni faqat o‘zimizdan chiqib ketgunicha emas, balki ularni tashqi bozorlarda brend sifatida tanitish uchun sharoit yaratib berish zarurligi ta’kidlandi. Savdo sanoat palatasi mato, uy tekstili, ichki kiyimlar, gilam, poyabzal, charm aksessuarlar, quritilgan va konservalangan meva-sabzavot, qandolat,  lak-bo‘yoq, marmar, chinni, kafel, idish va santexnikalar bo‘yicha mashhur brendlar buyurtmalarini joylashtiruvchi 30 ta “sorsing” kompaniyasi bilan kelishuvga erishib, mahalliy korxonalarimiz bilan bog‘lashi zarurligi aytildi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, kelgusi yilda Xanoy (Vetnam), Lots (Polsha), Ivanovo (Rossiya), Prata (Italiya) shaharlarida to‘qimachilik savdo uylarini ochishga topshiriq berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev savdo uylari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing