Prezident bir necha hokimlar o‘rinbosarlari va Markaziy bank amaldorlariga hayfsan berdi
Jamiyat
−
05 aprel 2023 16294 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyati hokimlarining qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlari, Markaziy bankning viloyat bo‘linmalari rahbarlariga hayfsan berdi. Bu haqda bugun, 5 aprel kuni Prezident raisligida 2023 yilgi ipoteka dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Gap shundaki, 2022 yilda 31 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish dasturi boshlangan edi. Yig‘ilishda bu boradagi ishlar Andijon va Xorazmda yaxshi ketayotgani ta’kidlanib, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Sirdaryodagi massivlarda hokimlarning e’tiborsizligi oqibatida birorta uy foydalanishga topshirilmagani qattiq tanqid qilindi.
“Yangi O‘zbekiston” massivlari bo‘yicha Farg‘onada 80 ta, Samarqandda 36 ta, Toshkent viloyatida 15 ta, Namanganda 14 ta uyni foydalanishga topshirish cho‘zilib ketayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyati hokimlarining qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlari, Markaziy bankning viloyat bo‘linmalari rahbarlariga hayfsan e’lon qilindi va vaziyatni o‘zgartirish uchun bir oy muhlat berildi.
Umuman, 2023 yilda yangi uy-joy qurish hajmini 1,5 baravarga oshirib, 90 mingtaga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
So‘nggi olti yilda mamlakat aholisi 5,5 million nafarga o‘sgani, hademay 40 millionga yetishi qayd etilib, 2017 yildan buyon 326 mingta yangi uy-joy foydalanishga topshirilgani ta’kidlandi. Bu davrda uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi aholi jon boshiga 18 foizga oshdi.