Prezident mukofotlarni o‘z qo‘li bilan topshirdi
Olam
−
19:37 1440 3 daqiqa
Bugun, 26 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida mamlakat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh o‘zbekistonliklarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda davlat rahbari yig‘ilganlarni ulug‘ va mo‘’tabar ayyom – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabriklagan.

“35 yil – tarix uchun juda qisqa davr. Lekin ortda qolayotgan yillar o‘zining ko‘lami, yutuq va natijalari bilan asrga tatigulik davr bo‘ldi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi”, deydi davlat rahbari.

Prezidentning aytishicha, mazkur o‘zgarishlarning haqiqiy muallifi – mehnatkash va olijanob xalq.

Mustaqillikning qadr-qimmati qishloqda rizq-ro‘z yaratayotgan fermer va dehqonlar, farzandlarga ta’lim-tarbiya berayotgan ustozlar, inson hayotini asrayotgan shifokorlar, yangi g‘oya va kashfiyotlar ustida izlanayotgan olimlar, zamonaviy korxonalar barpo etayotgan sanoatchi va tadbirkorlar mehnatida namoyon bo‘ladi.

Shuningdek, shahar va qishloqlarni obod qilayotgan quruvchi va arxitektorlar, madaniyat, san’at va sport sohasi vakillari, islohotlar ijrosini mahalla va xonadonlarga yetkazayotgan davlat xizmatchilari, joylarda odamlarni ezgu maqsadlar atrofida birlashtirayotgan nuroniylar va mahalla faollari, yurt tinchligi va xalq osoyishtaligini ta’minlayotgan harbiylar hamda huquq-tartibot xodimlarining hissasi alohida qayd etilgan.

So‘nggi o‘n yilda mamlakatga 160 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya kirib kelgan, iqtisodiyot hajmi 2,5 barobardan ziyod oshgan. Joriy yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 180 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan. Sanoat, servis va qishloq xo‘jaligi sohalarida 5 million 700 mingta doimiy ish o‘rni yaratilgan.

Davlat va xususiy sektor ishtirokida 1 million 500 ming o‘rinli maktablar, 342 ming o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkilotlari va 62 ming o‘rinli shifoxonalar barpo etilgan. 83 ming kilometr umumiy foydalanishdagi ichki yo‘llar qurilgan hamda ta’mirlangan. 8 million aholi yashaydigan xonadonlarga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi yetkazib berilgan, yana 11,5 million aholining suv ta’minoti yaxshilangan. O‘tgan o‘n yilda 650 ming oila yangi uy-joyga ega bo‘lgan.

“Yangi O‘zbekistonning eng katta natijasi bu o‘zgargan inson, o‘z kuchiga ishongan fuqaro, ertangi kunga daxldorligini his qilayotgan jamiyatdir”, deydi Prezident.


Ana shu ezgu o‘zgarishlarga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi insonlarning 558 nafari mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.



“Har biringizning mashaqqatli mehnat yo‘lingiz, erishgan yutuqlaringiz, yurtimiz taraqqiyotiga qo‘shayotgan munosib hissangizni juda yaxshi bilaman”, deydi Prezident.

Mukofotlanganlar orasida Xorazm viloyatida ko‘p yillar davomida bunyodkorlik ishlariga hissa qo‘shib, bugun nuroniylarga boshchilik qilayotgan Rustam Sultonov, Surxondaryoda cho‘llarni o‘zlashtirish va dehqonchilikni rivojlantirishga umrini bag‘ishlagan mehnat faxriysi Abdusattor Qurbonov bor.

Bildirilishicha, Bekobod metallurgiya kombinatida uzoq yillardan buyon po‘lat erituvchi bo‘lib ishlayotgan G‘ulomjon Turonovning “Xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlangani butun metallurglar mehnatiga berilgan yuksak baho.

Paxtachilik va g‘allachilikda yuksak natijalarga erishib, o‘z maktabini yaratgan namanganlik Ilhom Ziyovuddinov, yil davomida pilladan yuqori hosil olayotgan buxorolik Jamila Xudoyberdiyeva, chorvachilikda ilg‘or texnologiyalarni joriy etib, naslchilikni rivojlantirayotgan qoraqalpog‘istonlik Esenbay Aytimuratov hamda suv yo‘qotishlarini kamaytirish va energiya tejamkor tizimlarni tatbiq etishga hissa qo‘shayotgan samarqandlik irrigator Aslanqul Karimqulovning mehnati munosib e’tirof etilgan.

Prezident davlat mukofotini olgan har bir insonning mehnati va ko‘rsatgan jasorati alohida e’tirofga munosib ekanini ta’kidlagan.
Shu kunlarda joylarda unvon, orden va medallarni qabul qilib olayotgan o‘zbekistonliklarga ham samimiy tabriklar aytilgan.
Marosimda mamlakat yetakchisi mukofotlarni o‘z egalariga tantanali ravishda topshirgan.
Live
Barchasi