Prezident aytdi: Kadastri yo‘q 38 ming uy-joyga hujjatlar qilib beriladi

Jamiyat

image

Bugun, 30 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Kegeyli tumanida Qoraqalpog‘iston aholisi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan uchta yangi tashabbusni bildirdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari tomonidan olg‘a surilgan takliflardan birinchisi – Qoraqalpog‘istondagi 452 ta mahallaning har biriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 500 million so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ ajratilishidir. Buning uchun alohida Qoraqalpog‘iston mahallalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil qilinib, unga joriy yilda 250 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Ikkinchisi, kadastri yo‘q 38 ming uy-joy va ko‘chmas mulklar bo‘yicha tegishli hujjatlar qilib beriladi.

Uchinchisi, aholi talabini inobatga olib, joriy yilda 4 mingta uy-joy quriladi. Bunga qo‘shimcha, zamonaviy loyiha asosida 4 ming yakka tartibdagi uy-joy qurishga 4 sotixdan yer ajratiladi.

Shuningdek, yig‘ilishda ish o‘rinlarini ko‘paytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘istonda 72 ming rasmiy ishsiz bor. Har yili 43 ming yoshlar mehnat bozoriga kirib keladi. Shularni hisobga olib, yig‘ilishda 193 ming ish o‘rni yaratish va Qoraqalpog‘istonni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilib qo‘yilgan. Bu borada yirik korxona va klasterlar, konchilik, oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik va qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, oziq-ovqat mahsulotlari mo‘l va arzon bo‘lishini ta’minlash maqsadida 2022 yilda aholiga 6 ming 600 gektar yer berilgan edi, bu yil yana 6 ming gektar ajratilmoqda. Bu orqali sabzi, piyoz, kartoshka kabi kundalik mahsulotlarga ehtiyoj qoplanadi. Bo‘ston kanalini betonlash hisobiga Ellikqal’a, To‘rtko‘l va Beruniy tumanlarida 100 ming gektarda suv ta’minoti yaxshilanadi. Dala chetlarida 3,6 ming gektarda kadi, uzum va sabzavot yetishtirib, 42 ming tonna mahsulot olinadi.

Ta’kidlanishicha, Qoraqalpog‘istonda 51 ta maktabda o‘quvchilar soni me’yordan 2 baravar ko‘p. 208 ta mahallada ichimlik suvi ta’minoti yaxshi emas. 120 kilometr magistral hamda eng serqatnov 600 kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlash kerak. Shu bois 9 ta tumanda maktabgacha ta’lim muassasalari qurish, maktab va shifoxonalarni ta’mirlashga, shu jumladan issiqlik ta’minotiga qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Yo‘llarni ta’mirlash, elektr energiyasi taqchilligi choralarini ko‘rish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Qoraqalpog'iston tashabbus

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing