Prezident ayrim hokimlarning yerdan to‘g‘ri foydalanmayotganini tanqid qildi
Jamiyat
−
21 noyabr 2023
7706Bugun, 21 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yer resurslaridan oqilona foydalanish va yer hisobini yuritish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tmoqda.
Ma’lum qilinishicha, unda O‘zbekistondagi 44 million 800 ming gektar yer maydoni, 8 million 300 mingta bino va inshootning mulk sifatidagi bozor bahosi hisoblanmagani qayd etilgan. Shuningdek, hozirda mavjud bino va inshootlarning shartli kadastr qiymati 70 milliard dollarni tashkil qilayotgani, biroq ularning haqiqiy bozor bahosi bundan kamida 4-5 barobar ko‘pligiga alohida to‘xtalib o‘tilgan.
“Bunga yerning bozor qiymatini ham qo‘shsa, bilasizlarmi aholi va tadbirkorlarda qanchadan-qancha iqtisodiy aktiv bo‘ladi”, degan Prezident.
Buning uchun, eng avvalo, yer hisobini joy-joyiga qo‘yish shartligi, lekin ayrim hokimlar va vazirlar buni hisob-kitobini hali o‘ylab ham ko‘rmagani, o‘ziga biror-bir vazifa ham belgilab olmagani qayd etilgan.
Bundan tashqari, oxirgi uch yilda sohani raqamlashtirish hisobiga 40 million gektar yoki jami yerlarning 90 foizi kadastrdan o‘tkazilgani ta’kidlangan. Shu bilan birga, davlat rahbari qolgan muammoli yerlarni ham to‘liq kadastr ro‘yxatidan o‘tkazish shartligini aytib o‘tgan.
Kadastr agentligiga tuman va shahar hokimlari bilan birga yil yakunigacha aerosuratga olish ishlarini Toshkent shahri, Toshkent va vodiy viloyatlarida, kelgusi yili esa qolgan hududlarda to‘liq yakuniga yetkazish topshirilgan.
Shunigdek, aerosuratlar asosida qishloq yerlarini monitoring qilish tizimi ham yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.
LiveBarchasi