Prezident arxiv bo‘yicha farmonni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

O‘tgan davr mobaynida arxiv ishi va ish yuritish sohasida zarur infratuzilma yaratildi, arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishda ijobiy natijalarga erishildi hamda muayyan intellektual va texnologik salohiyat shakllantirildi, Milliy arxiv fondi O‘zbekiston xalqining moddiy va ma’naviy hayotini aks ettirgan, tarixiy, ilmiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan arxiv hujjatlar bilan boyitildi.

Shu bilan birga, tahlil va o‘rganish natijalari arxiv ishi va ish yuritish sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni joriy qilish, davlat arxivlarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash, arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanishning zamonaviy mexanizmlarini qo‘llash zarurati mavjudligidan dalolat bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritish sohasida davlat boshqaruvi va nazoratini takomillashtirish, qog‘oz shaklidagi, kino, foto va fono hujjatlarini raqamlashtirishni yanada jadallashtirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:

1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi negizida O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) tashkil etilsin.

2. Belgilansinki, 2020 yil 1 yanvardan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, mulkchilik shakllaridan qat’iy nazar korxonalar, muassasalar va tashkilotlar faoliyatida shakllanadigan boshqaruv (ish yuritish)ga oid, ilmiy-texnikaviy va boshqa hujjatlarning arxiv saqloviga topshirilishida hamda o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilinishida ularning elektron va Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi hujjatlarining sug‘urta nusxalari talab etiladi.

3. Agentlik:

a) 2020 yil 1 iyungacha O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bilan birgalikda davlat arxivlarida saqlanayotgan tarixiy davr (1917 yilgacha) arxiv hujjatlarini o‘rnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarish bo‘yicha choralarni ko‘rsin;

b) 2020 yil 1 iyungacha Adliya vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda quyidagi davlat xizmatlarini Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatilishini joriy qilsin:

o‘qiganlikni tasdiqlash haqidagi arxiv ma’lumotnomasini berish;

ish stajini tasdiqlash haqidagi arxiv ma’lumotnomasini berish;

ish haqini tasdiqlash haqidagi arxiv ma’lumotnomasini berish;

arab alifbosida yaratilgan turkiy, forsiy va arabcha hujjatlardagi axborotlar bo‘yicha annotatsiya ma’lumotlarini tayyorlab berish;

arxiv hujjatlari, kitoblar va qo‘lyozmalarni raqamlashtirish (elektron nusxa olish);

v) uch oy muddatda:

doimiy saqlovga olinadigan hujjatlar tarkibini optimizatsiya qilish;

Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismini doimiy saqlash huquqi berilgan vazirliklar, idoralar, tarmoq davlat fondlari va tashkilotlar ro‘yxatini qisqartirish;

arxiv ishi jarayonlarini to‘liq qamrab oluvchi va interaktiv qidiruv imkoniyatlari mavjud bo‘lgan “Arxiv ishi” yagona axborot tizimi yaratish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

g) 2021 yil 1 yanvargacha davlat arxivlarida saqlanayotgan fondlarni xatlovdan o‘tkazib, ular haqida tegishli ma’lumotlarni qamrab olgan ma’lumotlar bazasini yaratsin.

Belgilansinki, mazkur bandda ko‘rsatilgan arxiv ma’lumotnomalarini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun yig‘im undirilmaydi.

4. Agentlikning 2020 yil 1 yanvardan boshlab arxiv ishi sohasidagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish muddatlarini ilovaga muvofiq qisqartirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

5. Belgilab qo‘yilsinki:

Agentlik arxiv ishi va ish yuritish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradigan vakolatli davlat organi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligining barcha huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

Agentlik direktori O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

Agentlik direktori o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

Agentlik direktori va uning o‘rinbosarlari mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish sharoitlari bo‘yicha tegishli ravishda vazirning birinchi o‘rinbosari va vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi;

Agentlikning hududiy arxiv ishi boshqarmalari boshliqlarini lavozimga tayinlash Agentlik direktori tomonidan tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

6. Quyidagilar tuzilsin:

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi negizida O‘zbekiston Milliy arxivi;

O‘zbekiston Respublikasi Kinofotofono hujjatlari markaziy davlat arxivi negizida O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi;

O‘zbekiston Respublikasi Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari markaziy davlat arxivi negizida O‘zbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivi;

Toshkent shahar davlat arxivi negizida Toshkent shahar markaziy davlat arxivi;

Agentlik huzurida muassasa shaklida Arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha malaka oshirish ilmiy-metodik markazi;

Agentlik huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Arxiv ishini rivojlantirish jamg‘armasi.

Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Milliy arxivi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivining, O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi O‘zbekiston Respublikasi Kinofotofono hujjatlari markaziy davlat arxivining, O‘zbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivi O‘zbekiston Respublikasi Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari markaziy davlat arxivining, Toshkent shahar markaziy davlat arxivi Toshkent shahar davlat arxivining huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

7. Quyidagilar arxiv ishi va ish yuritish sohasini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

arxiv ishi va ish yuritish faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadallik bilan joriy etish, O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini bosqichma-bosqich raqamlashtirish va sug‘urta nusxalarini yaratish;

arxiv hujjatlarini maxfiylikdan chiqarish ishlarini faollashtirish orqali arxiv axborotlaridan foydalanuvchilar sonini kengaytirish;

arxiv xizmatlarini bosqichma-bosqich Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatilishini tashkil etish;

arxivlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda infratuzilmasini yanada modernizatsiya qilish, arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanishning zamonaviy usullarini joriy etish;

arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi xodimlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilg‘or va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini tatbiq etish yo‘li bilan kadrlar siyosatini shakllantirishning zamonaviy tamoyillarini joriy qilish;

soha xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni yaxshilash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

arxiv ishi va ish yuritish sohasida davlat boshqaruvini amalga oshirishning ilg‘or va shaffof mexanizmlarini ishlab chiqish va tatbiq etish.

8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2020 yil 1 martgacha respublika shaharlari va tumanlari hokimliklari tomonidan tuzilgan shaxsiy tarkib bo‘yicha idoralararo arxivlarni Agentlik idoraviy bo‘ysunuviga o‘tkazsin va ular negizida shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlarini tashkil etsin.

Belgilansinki, shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari faoliyatini moliyalashtirish:

xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishdan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan olinadigan daromadlar;

yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya mablag‘lari;

xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarining grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

9. Agentlik 2023 yil 1 yanvargacha bosqichma-bosqich davlat arxivlari saqlovida bo‘lgan shaxsiy tarkib hujjatlarini shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlariga o‘tkazish choralarini ko‘rsin.

10. Agentlik:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlari, shuningdek, rekonstruksiya qilinishi va mukammal ta’mirlanishi lozim bo‘lgan davlat arxivlarining foydalanilmayotgan bino va inshootlarini xatlovdan o‘tkazib, ularning ro‘yxatini tuzsin;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2020 yil 1 iyunga qadar shaxsiy tarkib bo‘yicha davlat arxivlarini davlat-xususiy sheriklik asosidagi shaxsiy tarkib hujjatlari arxivlariga aylantirish choralarini ko‘rib chiqsin.

11. Agentlik bir oy muddatda:

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

Agentlik faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin.

12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2019 yil 20 sentyabr


Maqola muallifi

Teglar

farmon arxiv

Baholaganlar

14

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing