Prezident Andijonda aholi daromadlarini oshirish yuzasidan yig‘ilish boshladi

Jamiyat

image

Bugun, 24 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Bildirilishicha, yig‘ilish avvalida joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etilgan.

“Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim”, degan davlat rahbari.

Shuningdek, Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlangan.

Qayd etilishicha, so‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika byudjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirilgan. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratilgan.

Prezident raisligida o‘tayotgan yig‘ilishda hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar yuqoridagi resurslarga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon shahridagi Boburshoh ko‘chasining ikki qismini bog‘lovchi yangi yo‘l o‘tkazgich bilan tanishgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing