Prezident akademik Sa’dullayevning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 28 may kuni Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekiston Milliy universiteti Matematik analiz kafedrasi professori, fizika-matematika fanlari doktori, taniqli matematik olim Azimboy Sa’dullayevning 78 yoshida vafot etgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu ta’ziya xati O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri Nuriddin Ismoilov, Bosh vazir Abdulla Aripov hamda  Fanlar akademiyasining prezidenti Shavkat Ayupov tomonidan yo‘llangan.

“Mamlakatimiz ilm-fani og‘ir judolikka uchradi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Azimboy Sa’dullayev 2025 yil 28 may kuni 78 yoshida vafot etdi”, deyiladi ta’ziya xatida.

Hamdardlik xatiga ko‘ra, Azimboy Sa’dullayevning xotirasi qalblarda saqlanib qoladi.

“Akademik Azimboy Sa’dullayevning mamlakatimiz ilm-fani va ta’lim sohasini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlanib, u 2020 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi. Taniqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Azimboy Sa’dullayevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, deyiladi xatda.

Ma’lumot uchun, Sa’dullayev 1947 yil 9 yanvarda Xorazm viloyatining Shovot tumanida tug‘ilgan. 1969 yilda Moskva davlat universitetini matematika mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi. Mazkur universitet aspiranturasida tahsil olib, dastlab nomzodlik, so‘ngra doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1989 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, 1995 yilda haqiqiy a’zosi etib saylandi.

Sa’dullayev o‘zining 55 yillik mehnat faoliyati davomida Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) o‘qituvchisi, dotsenti, kafedra mudiri, fakultet dekani, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Matematika instituti katta ilmiy xodimi, Urganch davlat universiteti rektori, Xorazm Ma’mun akademiyasi raisi kabi mas’ul lavozimlarda samarali faoliyat olib bordi.

Olimning 200 dan ortiq ilmiy maqolalari, 15 ta monografiyasida matematika sohasining ko‘plab dolzarb masalalari atroflicha tadqiq etilgan.

Azimboy Sa’dullayev 1995-2004 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati sifatida samarali faoliyat olib borib, qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish, parlament nazorati mexanizmlarini takomillashtirishda jonbozlik ko‘rsatgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev ta'ziya Azimboy Sa'dullaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing