“Prezident Administratsiyasi va boshqa idoralar xodimlari dam oladi”. “Shovvozsoy”dagi “villa” kimga atalgani ma’lum qilindi

Jamiyat

image

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Ugam-Chotqol” milliy tabiat bog‘i tasarrufidagi dam olish maskani haqidagi turli xabarlar tarqalmoqda. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Axborot-tahliliy media markazi ushbu xabarlar yuzasidan bayonot berdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yildagi qaroriga asosan, “Ugam-Chotqol” milliy tabiat bog‘i tasarrufidagi “Shovvozsoy” o‘rmon xo‘jaligi yerlari “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasiga temiryo‘lchilar va ularning oila a’zolari, kompaniyaning xorijiy hamkorlari, mamlakat aholisi va chet ellik sayyohlar uchun zamonaviy ekoturizm maskanini barpo etish va mavjud ekotizimni saqlab qolish maqsadida ajratilgan.

Bu yerda 2011 yildan boshlab, ya’ni 10 yil davomida bosqichma-bosqich qurilish va bunyodkorlik ishlari olib borilgan. Barcha investitsiyalar temir yo‘l kompaniyasining byudjetdan tashqari mablag‘lari, jumladan daromadlari hisobidan amalga oshirilgan.

Qayd etilishicha, o‘tgan o‘n yil davomida dam olish maskani qurilishiga sarflangan investitsiyalar hajmi 495 milliard so‘mni tashkil etgan. Shu bilan bir qatorda, milliy bog‘ hududida tabiat va hayvonot olamini saqlash va rivojlantirish uchun zarur infratuzilmalar yaratildi, ob’ektgacha elektr tarmoqlari tortildi, avtomobil yo‘li va kichik suv ombori barpo etilgan.

Bayonotga ko‘ra, ayni paytda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tasarrufidagi “Nazarbek”, “Chimyon”, “Xojikent”, “Omonxona” kabi dam olish maskanlari, shuningdek “Shovvozsoy” majmuasi ham kompaniyada faoliyat yuritayotgan qariyb 90 ming temiryo‘lchi va aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Ma’lum qilinishicha, ushbu dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlarida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan shartnoma va yo‘llanmalar asosida, temiryo‘lchilar bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, turli vazirlik, idora va davlat tashkilotlari, mahalliy hokimliklar, shuningdek, Respublika aholisi va chet ellik investorlar, hamkorlar va sayyohlarga ekoturizm va ekstremal turizm, salomatlikni mustahkamlash va qayta tiklash xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

2079

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing