Prezident Administratsiyasi nomi bilan pul ishlamoqchi bo‘lgan mahkum ushlandi
3-sahifa
−
04 dekabr 2021
11496Jizzax viloyatidagi 31-son manzil koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan 28 yoshli yigit o‘zini Prezident Administratsiyasining mas’ul xodimi deb tanishtirib pul ishlamoqchi bo‘ldi. Bu haqda Jazoni ijro etish departamenti (JIED ) Matbuot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshev QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Jizzax viloyatidagi 31-son manzil koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan 28 yoshli yigit, moddiy boylik orttirishni ko‘zlab, Qashqadaryo viloyati Elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘iga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini Prezident Administratsiyasining mas’ul xodimi deb tanishtirgan.
“Mazkur holat yuzasidan IIV huzuridagi JIED va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan tezroq tadbir o‘tkazilib, mahkum Tillayev daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan. Departament tomonidan Jinoyat-protsessual kodeksining 120-moddasiga muvofiq ashaddiy tartibbuzar deb topilgani uchun unga nisbatan jazosining o‘talmay qolgan 3 yil-u 5 oy 24 kunini manzil koloniyasidan umumiy tartibdagi koloniyaga ko‘chirish jazosi qo‘llanildi”, deydi Zoyir Yo‘ldoshev.
Yo‘ldoshevning ma’lum qilishicha Toshkent viloyati Chirchiq shahrida tug‘ilgan mahkum Tillayevga yillar davomida bir necha huquqbuzarliklar sodir etgani uchun ma’muriy jarima, axloq tuzatish, ozodlikni cheklash kabi jazo choralari tayingangan. Mahkum Temur Tillayev so‘nggi marotaba 2020 yil 24 avgust kuni Chirchiq shahar sudi tomonidan jinoyat kodeksining 228-moddasi bilan 4 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan.
"JIED xodimining qo‘shimcha qilishicha Ijro qonunchiligiga ko‘ra yengillashtirilgan tartibdagi manzil koloniyalarida jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar qo‘l telefonidan foydalanishlari mumkin. Bu esa insoniylik tamoyillariga ko‘ra mazkur koloniyadagi mahkumlarning oz bo‘lsa-da erkinligi ta’minlab, ularga oilasi va yaqinlari bilan tez-tez muloqotda bo‘lish imkonini beradi. Afsuski, ushbu imkoniyatdan noto‘g‘ri maqsadda foydalanib, jinoyat sodir etayotgan mahkumlar ham topilmoqda", deyiladi departament xabarida.
LiveBarchasi