Oktyabrda qanday ob-havo kutilyapti? O‘zgidromet prognozlarini ochiqladi

Bu qiziq

image

Bu yil sentyabr oyida ham, odatda O‘zbekistonda kuzatiladigandek, mamlakat hududining katta qismida ob-havo asosan quruq va kam bulutli, kuchsiz shamolli bo‘ldi. Tog‘oldi va tog‘li tumanlarda 2-3 marta asosan kuchsiz va o‘rtacha jadallikdagi qisqa muddatli yomg‘irlar kuzatildi.

Sentyabr oyining birinchi yarmi issiq bo‘lib, harorat 27-30 daraja, oyning birinchi kunlarida 32-35 darajagacha ko‘tarildi. Oyning ikkinchi yarmi esa odatdagidan salqinroq bo‘ldi. Oktyabrda qanday ob-havo kuzatiladi?

Gidrometeorologiya xizmati markazi ma’lumotiga ko‘ra, oktyabr oyi quruq ob-havo bilan boshlanadi.

1-5 oktyabr kunlari butun respublika bo‘yicha ob-havoning kam bulutli va yog‘ingarchiliksiz bo‘lishi kutilmoqda. Shamol asosan sharqiy yo‘nalishda esadi va kuchsizdan o‘rtachagacha o‘zgarishi mumkin. Harorat kechasi 5-10 daraja, shimolda 2-7 daraja iliq, kunduzi 20-25 daraja bo‘ladi.

Umuman oktyabr oyi ham harorat rejimi, ham yog‘inlar miqdori bo‘yicha o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘lishi kutilmoqda, biroq ayrim joylarda yog‘ingarchilik me’yordan ortiq bo‘lishi mumkin.

Iqlimiy me’yorlarga ko‘ra, oktyabrda O‘zbekistonning janubiy viloyatlarida 3 dan 5 gacha, qolgan hududlarda 5 dan 7 gacha yog‘ingarchilikli kunlar bo‘ladi. Yog‘inlar asosan yomg‘ir ko‘rinishida, harorat keskin soviganda yomg‘irning qorga qisqa muddatli o‘tishi ehtimoli bor. Toshkentda so‘nggi marta 2018 yilda yomg‘irning qorga o‘tishi qayd etilgan.

O‘rtacha ko‘p yillik tungi harorat 6-11 daraja iliqni tashkil qilsada, biroq ko‘pincha oktyabrda, ayniqsa uning ikkinchi yarmida, ilk kuzgi ayoz kuzatiladi.

Oktyabrda kunduzgi harorat 23-28 darajadan 10-15 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi.

Albatta, tabiat "o‘zini ko‘rsatadi" va ba’zan amaldagi harorat va yog‘inlar miqdori ko‘p yillik davr uchun o‘rtachalashtirilgan qiymatlardan ancha farq qilishi mumkin.

Toshkentda, masalan, meteorologik kuzatuvlarning yuz yillik tarixida ayrim yillarda oktyabrdagi eng yuqori harorat 33-36 daraja issiqni tashkil qilgani qayd etilgan. Oktyabr haroratining absolyut maksimumi 37,5 daraja bo‘lib, bu rekord 1941 yilga tegishlidir.

Toshkent uchun oktyabr oyidagi eng past harorat 11,2 daraja sovuqni tashkil qiladi va bu ko‘rsatkich ancha oldin — o‘tgan asrning boshida qayd etilgan. Oxirgi 20 yil ichida Toshkentdagi minimal harorat 1-2 daraja sovuqdan past bo‘lmagan.

2015 yil oktyabrida poytaxtda eng ko‘p yog‘igarchilik bo‘lgani qayd etilgan. O‘shanda yoqqan yog‘inlar miqdori oktyabr oyi me’yoridan 3,5 marta ko‘p bo‘lgan.

2002 yil oktyabrida esa Toshkentda umuman yog‘ingarchilik kuzatilmagan.

Meteorologik kuzatuvlar solnomasini o‘rganib, ana shunday qiziqarli faktlarni topish mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

ob-havo

Baholaganlar

495

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing