Prezident 2 amaldorga “hayfsan”, 3 tasiga ogohlantirish berdi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ikki amaldorga “hayfsan”, uch nafariga esa ogohlantirish berdi. Bu haqda Prezidentning Matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qilmoqda. 

Ayni vaqtda Shavkat Mirziyoyev raisligida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. 

Yig‘ilish avvalida davlat rahbari 37 trillion so‘mlik yangi mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha 2022-2023 yillar uchun 2,5 mingta loyihani ishga tushirish bo‘yicha qabul qilingan dasturning aniq ijrosini so‘rash vaqti kelganini aytgan.

Ushbu dastur ijrosi bo‘yicha Farmatsevtika agentligi rejani 51 %ga, “O‘zbekiston temir yo‘llari” esa 10 %ga bajarmagani,sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha ishlar boshlanmagani, “Issiqlik elektr stansiyalari” esa rejani atigi 26 %ga bajargani ko‘rsatildi.

Shuning uchun Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyevga “hayfsan” e’lon qilindi. Uning ikkala o‘rinbosarini ishdan olishga ko‘rsatma berildi. 

Bosh vazirga mazkur Agentlik faoliyatini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish topshirildi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” raisi vazifasini bajaruvchi Xusniddin Xosilovga “hayfsan”, "Issiqlik elektr stansiyalari" raisi Farhod Abdurahmonov, "O‘zmetkombinat" direktori Rashid Pirmatov, "O‘zbekneftgaz" raisining birinchi o‘rinbosari Shahzod Alirizayevga qat’iy ogohlantirish berildi.

Shuningdek, yanvar-fevral oylarida “Elektron kooperatsiya” portali orqali 860 mlrd so‘mlik 5 mingta shartnoma tuzilgan bo‘lsada, ijrosi ayrim hududlarda bajarilmagani, elektron savdolarda Qoraqalpog‘iston, Namangan, Surxondaryo va Xorazmdagi korxonalar ulushi 1 %ni ham tashkil qilmasligi tanqid qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

567

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing