Prezident hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlashga oid qarorni imzoladi
Jamiyat
−
30 noyabr 2019
6057O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 28 noyabr kuni “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori
Mamlakatimizda milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy san’atini rivojlantirish, bu orqali xalqimizning boy madaniy merosi va tarixiy an’analarini to‘liq saqlab qolish, band bo‘lmagan aholini, ayniqsa, yoshlar, ayollar va kam ta’minlangan oilalarni hunarmandchilikka keng jalb etish orqali ularning ish bilan bandligini ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining respublika hududlarini hunarmandchilik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashtirish va ularga hunarmandchilik mahsulotlarini chet el bozorlarida namoyish etish va sotish uchun ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalarini biriktirish to‘g‘risidagi takliflari 1-ilovaga muvofiq ma’qullansin.
Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari “Hunarmand” uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari murojaatiga asosan o‘ziga biriktirilgan hududlardan boshqa hududlarda faoliyat yurituvchi hunarmandlar mahsulotlarini chet elda namoyish etish va sotishda ham har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatadi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi (Ne’matov) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Qudratov), Savdo-sanoat palatasi (Ikramov), “Hunarmand” uyushmasi (Abdullayev) bilan birgalikda respublikaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali mazkur vakolatxonalar joylashgan va boshqa yirik shaharlarda hunarmandlarga o‘z mahsulotlarini namoyish etish va sotish uchun milliy hunarmandchilik va xalq amaliy san’ati mahsulotlarini keng targ‘ib qilish, yangi bozorlarni o‘zlashtirishga ko‘maklashuvchi “savdo uylari” va milliy hunarmandchilik mahsulotlari do‘konlarini tashkil etish choralarini ko‘rsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiyasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasining:
• “Xalq amaliy san’ati ustalarining milliy katalogi”ni (keyingi o‘rinlarda – Milliy katalog) joriy etish;
• “Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar reyestri”ni (keyingi o‘rinlarda – Reyestr) yuritish;
• Xalq amaliy san’ati ustalarining milliy katalogiga kiritiladigan nomzodlarni tanlash bo‘yicha kengashni (keyingi o‘rinlarda – Kengash) tuzish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
4. Belgilansinki:
a) Milliy katalogga quyidagi hunarmandlar Kengash qarori asosida kiritiladi:
• nufuzli xalqaro ko‘rgazma, ko‘rik-tanlov kabi tadbirlarda g‘olib yoki laureat sifatida e’tirof etilganlar;
• tegishli sohada san’at va fan arbobi hamda akademiklarning tavsiyasiga egalar;
• “O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi” faxriy unvoniga egalar;
b) Reyestrga Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan “Hunarmand” uyushmasining quyidagi a’zolari kiritiladi:
• turistik marshrutdagi manzil bo‘yicha o‘z ustaxonasida yoki ijara asosida faoliyat yurituvchilar;
• o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlarni galereyalar, hunarmandchilik mahsulotlari do‘konlari, mahalliy va xorijiy savdo uylariga shartnoma asosida namoyish va sotish uchun qo‘yayotganlar;
• Milliy katalogga kiritilganlar;
• “Hunarmand” uyushmasining Badiiy kengashi tomonidan tavsiya etilganlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiyasi va “Hunarmand” uyushmasi:
• ikki hafta muddatda “Hunarmand” uyushmasi raisi rahbarligida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiyasi rahbarlari va mas’ul xodimlaridan iborat bo‘lgan Kengash tarkibini tasdiqlasin;
• bir oy muddatda hunarmandlarni Xalq amaliy san’ati ustalarining milliy katalogiga kiritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqib, tasdiqlasin.
“Hunarmand” uyushmasi 2020 yil 1 yanvardan boshlab Milliy katalogni ochiq va umum foydalaniladigan veb-sayt ko‘rinishida ishga tushirish choralarini ko‘rsin va doimiy ravishda yangilab borsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda:
• bir oy muddatda turizm sohasida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar reyestrini tuzish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqib, tasdiqlasin;
• 2020 yil 1 yanvarga qadar Reyestrning shakllantirilishini ta’minlasin;
• 2020 yil 1 martdan boshlab Reyestrni onlayn tarzda real vaqt rejimida yangilanuvchi ochiq va umum foydalaniladigan veb-sayt ko‘rinishida ishga tushirish choralarini ko‘rsin va doimiy ravishda yangilab borsin.
7. 2020 yil 1 yanvardan boshlab:
• 2023 yil 1 yanvarga qadar Milliy katalog va Reyestrga kiritilgan hunarmandlar uchun kalendar yili davomida hunarmandchilik mahsulotlarini (ishlar, xizmatlar) sotishdan tushgan tushumi 100 mln so‘mdan oshgan, biroq 1 mlrd so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdori uchun yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yagona soliq to‘lov stavkasi 2 foiz miqdorida to‘lanadi;
• hunarmandchilik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha yangidan davlat ro‘yxatidan o‘tishda to‘lanadigan davlat boji yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun amalda belgilangan davlat boji miqdorining 50 foizi miqdorida o‘rnatilsin;
• Milliy katalogga kiritilgan hunarmandlarga shogirdlar soni bo‘yicha cheklovlar bekor qilinsin;
• ko‘rgazma zallari, galereyalar, pavilonlar, bozor va yarmarka rastalarida namoyish qilish va sotish uchun joylar, faoliyatini kengaytirish uchun ixtisoslashtirilgan hunarmandchilik majmualarida yer uchastkalari ajratilishida Milliy katalogga kiritilgan hunarmandlar uchun ustuvorlik qo‘llanilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5242-son Farmoni bilan qishloq joylarda ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyatini amalga oshirayotgan hunarmandlar o‘z faoliyatining dastlabki ikki yili mobaynida Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga belgilangan yagona ijtimoiy to‘lovning 50 foizini to‘lash tartibi o‘rnatilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Mazkur tartib 2020 yil 1 yanvardan boshlab shaharlarda ro‘yxatdan o‘tgan va aynan xalq amaliy san’ati mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “Hunarmand” uyushmasi a’zolariga tatbiq etilsin.
Bunda, xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’ati bilan bog‘liq bilimlar va ko‘nikmalar, an’anaviy asbob-anjomlardan foydalangan holda, asosan qo‘l mehnati usulida yaratilgan va qoida tariqasida milliy naqshlar bilan bezatilgan buyum va asarlar xalq amaliy san’ati mahsulotlari hisoblanishi belgilab qo‘yilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 24 oktyabrdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarni kreditlash tartibini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4498-son qaroriga muvofiq 2020 yil davomida hunarmandchilikni rivojlantirish dasturi uchun 589,3 mlrd so‘m miqdorida (shundan, 470 mlrd so‘m (50 mln AQSH dollari) O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan) kreditlar ajratilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘larni yuqoridagi qarorning 2-bandi to‘rtinchi xatboshisida belgilangan shartlarda ajratsin.
AT Xalq banki, “Mikrokreditbank” ATB va “Agrobank” ATB ushbu manbalar hisobidan “Hunarmand” uyushmasi a’zolariga ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskuna, ehtiyot qismlar va xomashyo materiallarini xarid qilish, hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari, “usta-shogird” maktablarini tashkil etish, uy-muzey va ustaxonalar qurish yoki shu maqsadlarda bino va inshootlar sotib olish, aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasidan oshmagan holda 18 oy muddatga, bazaviy hisoblash miqdorining 250 baravaridan oshmagan miqdorda kreditlar ajratsin.
Bunda “Hunarmand” uyushmasi a’zolariga tadbirkorlik loyihalariga tijorat banklari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasidan oshmagan holda ajratiladigan kreditlar foiz stavkalarining to‘rtdan bir qismi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab berilsin.
10. “Hunarmand” uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab hunarmandchilikka ixtisoslashgan hududlarda hunarmandchilik va xalq amaliy san’ati yo‘nalishlari bo‘yicha bolalar musiqa va san’at maktablari, “Barkamol avlod” bolalar markazlari hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi kasb-hunarga o‘qitish markazlarida o‘quv kurslarini tashkil etsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi “Hunarmand” uyushmasi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 mayga qadar hunarmandchilik yo‘nalishida kasb-hunar ta’limi muassasalarida kadrlar tayyorlashning namunaviy o‘quv reja va dasturlarini tasdiqlasin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi ikki oy muddatda hunarmandlarni mahsulot ishlab chiqarish uchun xomashyo (shu jumladan, mis, qora metall, ipak va yog‘och) bilan ta’minlashning qulay tizimini joriy etish hamda qayta tiklanadigan xomashyo (tutzorlar, qattiq turdagi daraxtlar) bazasini yaratish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Milliy katalogga kiritilgan hunarmandlarga marketing sohasida doimiy amaliy yordam ko‘rsatsin va ularning mahsulotlari elektron tijorat (E-commerce) yo‘nalishida keng qo‘llaniladigan Internet jahon axborot tarmog‘i veb-saytlari orqali sotilishida zarur tashkiliy ishlarni yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘rsin.
13. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
• ikki oy muddatda yirik savdo majmualari va dehqon bozorlari hududlarida alohida “hunarmandlar rastalari”ni tashkil etsin;
• “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lgan hunarmandlarni doimiy ravishda “hunarmandlar rastalari”ga joylashtirib borsin;
• 2020 yil yakuniga qadar tashabbuskorlarni jalb qilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 2-ilovaga muvofiq tuman va shaharlarida milliy hunarmandchilikning barcha yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etadigan zamonaviy “hunarmandlar bozori”ni tashkil etsin;
• hunarmandlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Suzuk ota” majmuasi misolida ixtisoslashtirilgan hunarmandchilik majmualarini tashkil etish choralarini ko‘rsin;
• 2020 yil yakuniga qadar O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida hamda Toshkent shahrida xalq amaliy san’ati va hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazma zallari va galereyalarini tashkil etsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi “Hunarmand” uyushmasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda “World craft council” xalqaro hunarmandchilik kengashi tomonidan tashkil etiladigan tadbirlarda “Hunarmand” uyushmasining doimiy ishtirokini ta’minlash hamda ushbu xalqaro tashkilot bilan hunarmandchilikni rivojlantirish borasidagi tadbirlar uchun xalqaro tashkilotlarning texnik ko‘magini jalb qilishga qaratilgan aniq tadbirlarni ishlab chiqsin.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasi hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi xalqaro tajribani muntazam o‘rganib borish va umumlashtirish, shu asosda ilg‘or xorijiy tajribalarni O‘zbekiston Respublikasida joriy etishga qaratilgan ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘rsin.
15. “Uzbekistan airways” AJ va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga hunarmandchilik sohasidagi nufuzli xalqaro festival va ko‘rgazmalarda qatnashadigan Milliy katalogga kiritilgan hunarmandlar uchun yo‘l chiptalariga imtiyozlar qo‘llash tavsiya etilsin.
Bunda xorijiy davlatlarda an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan hunarmandchilik sohasidagi nufuzli xalqaro festival va ko‘rgazmalarning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali xorijiy davlatlarda an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan hunarmandchilik sohasidagi nufuzli xalqaro festival va ko‘rgazmalarda hunarmandlar ishtirok etishlari uchun zaruriy tashkiliy ko‘mak ko‘rsatilishini ta’minlasin.
16. Hunarmandchilik sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda – “Yo‘l xaritasi”) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
“Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlariga shaxsiy javobgarlik yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarning bajarilishi bo‘yicha ma’lumotlarni har oyda Vazirlar Mahkamasiga kiritib borsin.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi respublikada hunarmandchilik sohasining rivojlanishini baholash uchun tegishli indikatorlarni Davlat statistika qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda ishlab chiqsin va ularning 2020 yildan boshlab har chorakda ommaviy axborot vositalarida chop etib borilishini ta’minlasin.
17. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bir oy muddatda:
• mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlar hamda tuman va shaharlarning hunarmandchilik yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 2020-2021 yillarda hunarmandchilikni rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqsin;
• ishlab chiqilgan strategiyalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida taqdimot o‘tkazsin va tegishli tartibda tasdiqlasin.
18. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Davlat bojxona qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, Badiiy akademiyasi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda an’anaviy xalq badiiy hunarmandchiligi buyumlari turlarini qayta ko‘rib chiqqan holda madaniy boyliklarga taalluqli ashyolar toifasi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
19. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi:
• “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida hunarmandchilik va xalq amaliy san’ati tarixi hamda bugungi rivojini keng targ‘ib qilib borish maqsadida “Ma’naviyat va ma’rifat” telekanalida muntazam namoyish etiladigan hunarmandchilikka oid teleko‘rsatuvlarni tashkil etsin;
• O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.
20. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
21. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gulyamov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2019 yil 28 noyabr
LiveBarchasi