Prezident Hindistondan kelgan delegatsiyani qabul qildi

Jamiyat

image

Bugun, 22 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda tashrif bilan bo‘lib turgan Hindiston Respublikasi Gujarat shtati bosh vaziri Vijay Rupani boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Shavkat Mirziyoyev mehmonlarni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik izchil rivojlanayotgani, do‘stlik va strategik sheriklik mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidladi.

Muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqotlar, jumladan, o‘tgan yilning oktyabr oyida Dehli shahriga va joriy yilning yanvar oyida Gandinagar shahriga (Gujarat shtatining ma’muriy markazi) amalga oshirilgan tashriflar ko‘p qirrali ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilgani qayd etildi. 

Vijay Rupani, o‘z navbatida, davlat rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Yuqori martabali mehmon Gujarat shtati delegatsiyasining tashrifi doirasida Andijon, Samarqand, Buxoro va Toshkentda o‘tgan uchrashuv va muzokaralar, avvalo, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni keng ko‘lamda amalga oshirishga ko‘maklashishga qaratilganini ta’kidladi.

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Biotexnologiyalar va agroklasterlar, to‘qimachilik, farmatsevtika sanoati, avtomobillar uchun butlovchi qismlar va kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarish, qurilish, mehmonxona infratuzilmasini boshqarish kabi sohalarda va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yil O‘zbekistonda birgalikda ochilgan oliy ta’lim muassasalarida va Hindistonning yetakchi oliy ta’lim dargohlari negizida talab yuqori bo‘lgan muhandislik-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash hamda ta’lim sohasi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston hamda Gujarat shtatining yetakchi kompaniya va tashkilotlari o‘rtasida samarali sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasini” tez fursatda ishlab chiqishga kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida Vijay Rupani ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va xalqlar do‘stligini mustahkamlashda har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston-Hindiston Gujarat

Baholaganlar

10

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing