Poytaxtdagi dahshatli YTHda 25 yashar yigit qurbon bo‘ldi. Mas’ullar nega YTH tafsilotlarini yashirmoqda?
Jamiyat
−
31 avgust 2020
32565Joriy yilning 29 avgustidan 30 avgustiga o‘tar kechasi poytaxt Toshkentning Sebzor ko‘chasida mudhish yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi. Mazkur YTHda 25 yashar yigit vafot etgan.
YTH taxminan soat 00:00 atrofida sodir bo‘lgan. Unda poytaxtning Ganga dahasidagi yo‘l o‘tkazgichdan Sebzor ko‘chasidagi tonnelga qarab katta tezlikda harakatlangan Nexia avtomobili tonnelga kiraverishda xizmat faoliyatini olib borayotgan yigitni bosib ketgan. Jarohatlangan yigit voqea joyining o‘zida vafot etgan.
Gap shundaki, shu kuni kech soatlarda tonnelda ta’mirlash ishlari olib borilayotgan bo‘lgan. Tonnelga kirish metall to‘siqlar bilan to‘silgan. YTH qurboni esa o‘sha to‘siqlar oldida avtomobillarni boshqa tarafga yo‘naltirib turishga mas’ul bo‘lgani aytilmoqda. Shu vaqt katta tezlikda kelgan Nexia avtomobili to‘siqlarni buzib o‘tib, avtomobillarni boshqa tarafga yo‘naltirib turgan yigitni bosib ketgan.
Guvohlarga ko‘ra, haydovchi mast bo‘lgan va voqea joyidan qochishga uringan.
QALAMPIR.UZ ushbu voqea tafsilotlarini aniqlashtirish uchun Ichki ishlar vazirligi Yo‘l-harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga murojaat qilishiga qaramay, oradan shuncha vaqt o‘tsa ham ushbu YTH haqida hech qanday axborot berilmadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 16 sentyabr kuni YTH qurbonining to‘yi bo‘lishi belgilangandi.
Hozirgacha YHXBB va boshqa mas’ul idoralarning ushbu YTH haqida rasman xabar bermayotgani sabab bizga qorong‘u.