Poytaxt IIBB tizimida to‘rt mansabdor “uchdi”
Jamiyat
−
13 dekabr 2021
20977Toshkent shahar Chilonzor tumani IIO FMB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha o‘rinbosari, shuningdek, Yangihayot va Shayxontohur tumanlari IIO FMB boshliqlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha o‘rinbosarlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar IIBB boshlig‘i general-mayor Aziz Toshpo‘latov joriy yil 11 oylik natijalari bo‘yicha tanqidiy ruhda yig‘ilish o‘tkazgan. Unda jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishda qator kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Chilonzor tumani IIO FMB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha o‘rinbosari, shuningdek, Yangihayot va Shayxontohur tumanlari IIO FMB boshliqlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha o‘rinbosarlari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Sergeli tumani IIO FMB boshlig‘i, uning birinchi o‘rinbosari, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha hamda jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosarlari intizomiy jazoga tortilgan. Shu bilan bir qatorda, tumanda ijobiy ko‘rsatgichlarga erishgan va namunaviy xizmat olib borayotgan Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlari IIO FMB boshliqlariga tashakkur e’lon qilingan.
Shuningdek, ta’kidlanishicha, IIBB xodimlarining tashabbusi bilan joriy yilning 11 oyi mobaynida 5 644 ta jinoyat (ulardan 1 375 tasi giyohvandlik va psixotrop vositalarining noqonuniy savdosi bilan bog‘liq) aniqlangan va 122 kg 756 gramm giyohvandlik hamda 108 ming 550 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining tarqalib ketishining oldi olingan. 12 544 ta jinoyatlar fosh etilib (ulardan 171 tasi o‘tgan yillarda sodir etilgan jinoyatlar), 822 nafar qidiruvdagi jinoyatchilar ushlangan.
LiveBarchasi