Poytaxt hokimligi ogohlantirish bilan chiqdi
Jamiyat
−
11 Sentabr 2023
13933Toshkent shahrida bugun, 11 sentyabr kuni soat 15:15 lardan boshlab chang massalari ko‘tarila boshladi. Shahar hokimligi poytaxtda sodir bo‘layotgan mazkur noqulay tabiat hodisasi paytida ehtiyot choralarini ko‘rishni so‘rab, fuqarolarni ogohlikka chaqirdi.
“Hurmatli toshkentliklar va poytaxtimiz mehmonlari! Bugun, 11 sentyabr kuni Toshkent shahrida kuchli changli shamol kuzatilmoqda. Noqulay ob-havo sharoitida avtotransport vositalarini daraxtlar tagida qoldirmasligingizni, o‘zingiz va yaqinlaringizni ehtiyot qilishingizni so‘raymiz”, deyiladi xabarda
Gidrometeorologik ilmiy tahlillar kanalida ma’lum qilinishicha, havo tarkibidagi xiralik atmosferadagi mayda chang zarralari hisobiga kuzatilmoqda. G‘arbiy shamollarning kuchayishi, poytaxt hududlarida quruq tuproq sirti, qolaversa, poytaxt g‘arbi – qo‘shni Qozog‘iston hududlaridagi chang zarrachalarini havoga ko‘tarmoqda.
IQAir ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Toshkent shahrining ifloslanish darajasi 4-o‘rindan 7-o‘ringa ko‘tarilgan.
Ayni damda eng iflos hududlar reytingida peshqadamlikni Janubiy Afrika, Italiya hamda Birlashgan Arab Amirliklarining qator shaharlari egallagan.
Shuningdek, Toshkent xalqaro aeroporti aerodromida ko‘rinish masofasi 1600 metrgacha cheklangan chang bo‘roni kuzatilmoqda.