Poytaxt hokimligi “Moviy gumbazlar” xiyobonida “Istiqlol” majmuasi qurilishi bo‘yicha izoh berdi
Jamiyat
−
04 fevral 2021
4049Toshkent shahar hokimligining rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab barpo etiladigan “Istiqlol” majmuasi bo‘yicha e’lon qilingan tanlov qizg‘in munozaralarga sabab bo‘lmoqda.
Bunda asosiy e’tiroz “Istiqlol” majmuasi Toshkentning o‘z tarixiga ega bo‘lgan “Moviy gumbazlar” xiyobonida qurilishiga bo‘lyapti. Negaki majmua qurilishi u yerdagi ko‘p yillik daraxtlarning kesilib ketishiga olib kelishi mumkin.
Toshkent shahar hokimligi aholi e’tiroziga sabab bo‘layotgan holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Unda qayd etilishicha, maydondagi ko‘p yillik manzarali daraxtlarni saqlab qolgan hamda hozirgi xiyobon faoliyatiga ta’sir qilmagan holda mamlakat tarixi, mustaqillik yillaridagi yutuqlarni, milliy o‘ziga xoslikni namoyon etuvchi majmuani barpo etish e’lon qilingan tanlov shartlarida alohida ko‘rsatib o‘tilgan.
Shuningdek, bugundan e’tiboran Toshkent shahar Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan “Istiqlol” majmuasi barpo etilishi belgilangan hududdagi barcha daraxtlar xatlovdan o‘tkaziladi va muhofazaga olinadi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan majmua loyihasining fotosurati qurilish uchun asos emas. Tanlov e’lon qilinishining sababi ham keng jamoatchilik uchun loyihalarni ochiqlik asosida muhokama qilishga sharoit yaratib berishdan iborat.
Tanlov hay’ati tomonidan ijodkorlarning loyihalaridagi birinchi navbatda maydondagi barcha daraxtlarni saqlagan, insonlar uchun obod muhit va qulay sharoit yaratishga qaratilgan takliflari qabul qilinadi”, deyilgan xabarda.
Bundan tashqari, "Istiqlol" majmuasi qurilishi bilan bog‘liq tanlov shartlarida "Moviy gumbazlar" restorani buzilishi ko‘zda tutilmaganligi sababli, ushbu masala tanlovga taqdim etiladigan loyihalarda o‘z aksini topishi shart.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab “Istiqlol” majmuasini qurish O‘zbekistn Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangandi.
LiveBarchasi