“Post-amerika asri” boshlandimi?
Olam
−
16 fevral 814 2 daqiqa
Myunxen xavfsizlik konferensiyasi bu yil AQSH va Yevropa o‘rtasidagi ishonch inqirozini ochiq namoyish etmoqda. Demokratlar ham, yevropalik yetakchilar ham “Trampdan keyin nima bo‘ladi?” degan savolga aniq javob bera olmayapti. Bu haqda CNN yozdi.
Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom Yevropada AQSH ishonchliligiga jiddiy putur yetganini tan olgan. Uning aytishicha, ko‘plab yevropalik rahbarlar transatlantik ittifoq (AQSH–Yevropa siyosiy va harbiy hamkorligi) endi avvalgi holatiga qaytmasligiga ishonmoqda.
Germaniya kansleri Fridrix Mers esa ochiqchasiga “AQSHning yetakchilik da’vosi shubha ostida, balki yo‘qolgandir”, deya fikr bildirgan. Yetakchi Fransiya bilan Yevropaning yadroviy to‘xtatuv kuchi masalasida maxfiy muzokaralar o‘tkazilganini ham ma’lum qilgan. Bu esa Vashingtonga to‘liq ishonch qolmaganini anglatadi.
Konferensiyada qatnashgan ko‘plab demokrat siyosatchilar 2028 yilgi prezidentlik poygasiga da’vogar sifatida ko‘rilmoqda. Ular orasida Nyu-York vakili Aleksandriya Okasio-Kortes ham bor edi. U Tayvan masalasiga oid savolga aniq javob bera olmay, tanqidga uchragan. Arizona senatori Mark Kelli esa hatto AQSH munosabatlarni tiklasa ham, Yevropa ishonchini qayta qozonish uchun asrlar kerak bo‘lishi mumkinligini aytgan.
Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson kongress delegatsiyasi safarini bekor qilgani sababli, ko‘plab demokratlar Myunxenga bora olmagan. Bu ham ichki siyosiy bo‘linishlar tashqi maydonga ko‘chganini ko‘rsatgan.
“Post-amerika asri” boshlanyaptimi?
AQSH davlat kotibi Marso Rubio nisbatan murosali nutq so‘zlagan bo‘lsada, safar boshida “eski dunyo tugadi” degan bayonoti Yevropada xavotir uyg‘otdi. Respublikachi senator Lindsey Graham esa Eron masalasida qat’iy choralar ko‘rilmasa, mamlakatga ishonch butunlay yo‘qolishini aytgan.
Yevropa yetakchilari endi Trampning birinchi muddati “istisno” bo‘lgan, degan qarashdan voz kechgan. Uning qayta saylanishi bu yo‘nalish tasodif emasligini isbotlagan.
Demokratlar Qo‘shma Shtatlar ichida siyosiy ochkolar yig‘ayotgan bir paytda, tashqi maydonda “erkin dunyo yetakchisi” maqomi so‘roq ostida qolmoqda. Agar Vashington o‘z rolini qayta tiklay olmasa, Yevropa o‘z xavfsizlik arxitekturasini mustaqil shakllantiradimi?! Myunxendagi muhokamalar shuni ko‘rsatdiki, transatlantik ittifoq o‘z tarixidagi eng noaniq bosqichga kirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa yetakchilari o‘z yadroviy qalqonini yaratish masalasida muhokamalardan amaliy bosqichga o‘tgani xabar qilingandi. Buni Germaniya kansleri Fridrix Mers ham tasdiqlab, Myunxen xavfsizlik konferensiyasi ochilishida Fransiya bilan yadroviy mudofaa tizimini yaratish bo‘yicha muzokaralar boshlanganini ma’lum qilgan.
Musulmon Sodiq
Live
BarchasiShayxontohur tumanida xonadon yonmoqda
16 fevral