Poraxo‘r hukumatni ag‘darish, demokratiyaga qadam bo‘ldi – Japarov “Aprel inqilobi” haqida

Olam

image

2010 yil aprel oyida Qirg‘izistonda yuz bergan inqilob demokratiya rivoji yo‘lidagi yana bir qadam bo‘lgan. Bu haqda respublika Prezidenti Sadir Japarov xalqqa murojaatida aytib o‘tdi.  

“2010 yilning 7 aprel kuni vatandoshlarimiz Qirg‘iziston kelajagi uchun poraxo‘r hukumatni qanday mard va jasorat bilan ag‘darganini barchamiz eslaymiz. Aprel xalq inqilobining natijasi demokratik tamoyillarning hayotga tatbiq etilishi va davlatni yanada rivojlantirish yo‘lidagi ishonchli qadamlar bo‘ldi”, degan u. 

Japarovning fikricha, bundan 12 yil avval sodir bo‘lgan voqealar jahon hamjamiyatiga “qirg‘iz xalqi haqidagi tasavvurini o‘zgartirish, shu orqali uning sha’ni, qadr-qimmati kabi yuksak axloqiy fazilatlarini tan olish, erkinlik va adolatga intilishlarini qadrlash” imkonini berdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, inqilobiy voqealarda ishtirok etgan fuqarolar “hozirgi zamon qahramonlari”dir. 

“Qanchalik vaqt o‘tmasin, ularning o‘lim oldidagi qo‘rquvi xalqimiz qalbida saqlanib qoladi va, shubhasiz, ularning nomlari Qirg‘iziston tarixiga mangu zarhal harflar bilan yoziladi”, deydi Japarov. 

Ma’lumot o‘rnida, 2010 yilning 7 aprelida Qirg‘izistonda inqilob bo‘lib o‘tdi, natijada mamlakatning ikkinchi Prezidenti Qurmanbek Bakiyev taxtdan ag‘darilib, mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi. Prezidentni qo‘llab-quvvatlayotgan harbiy xizmatchilar va muxolifat tarafdorlari o‘rtasidagi to‘qnashuvda 80 dan ortiq odam halok bo‘ldi, bir necha yuz kishi jarohatlandi. 

Jinoyatlari uchun vatanida sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Bakiyev qochib ketganidan so‘ng Qirg‘izistonda hokimiyat Roza Otunbayeva boshchiligidagi muvaqqat hukumat qo‘liga o‘tdi. Hozirda Qirg‘izistonning ikkinchi Prezidenti Minskda istiqomat qiladi. 

Muvaqqat hukumatga 14 kishi, jumladan, Roza Otunbayeva (MH rahbari), Almazbek Atamboyev (birinchi o‘rinbosar), Temir Sariyev va Azimbek Beknazarov (MH rahbari o‘rinbosari), Damira Niyazaliyeva (Sog‘liqni saqlash vaziri) kirdi. Emilbek Kaptagayev MH apparati rahbari edi.

O‘sha yilning iyun oyida Qirg‘izistonning janubida mahalliy qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida etnik mojaro chiqdi. “O‘sh voqealari” nomi bilan tarixga kirgan ushbu nizo oqibatida 500 ga yaqin inson halok bo‘ldi. Jarohatlanganlar soni mingdan, qo‘shni O‘zbekistonga qochib o‘tganlar soni esa yuz mingdan oshdi. Bundan tashqari 3,5 mingdan ortiq ko‘chmas mulk vayron qilindi. Shundan atiga 275 tasi davlatga tegishli, qolgan katta qismi esa mahalliy aholining boshpanasi edi. Ushbu statistika voqeaning ko‘lamidan dalolat: yongan uylar, qonga belangan qo‘llar, yaqinlaridan ayrilgan insonlar.

Respublikaning yaqin tarixidagi birinchi inqilob 2005 yil mart oyida o‘tkazilgan, uning natijasida birinchi Prezident Asqar Akayev hokimiyatdan ag‘darilgan, u ham xavfsizlik nuqtai nazaridan oilasi bilan chet elga ketishga majbur bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Japarov inqilob

Baholaganlar

156

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing