Pop-korn sotuvchisidan 100 ming so‘m pora olgan inspektorga sud hukmi o‘qildi
3-sahifa
−
15 mart
7494Toshkent shahrida “popkorn” sotuvchilardan pora olgan profilaktika inspektoriga sud hukmi o‘qildi. QALAMPIR.UZ sud hujjatlari bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, holat Chilonzor tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudida ko‘rib chiqilgan. Sud hujjatiga ko‘ra, 1992 yilda tug‘ilgan A.A. Chilonzor tumani IIB 2-son UKDda profilaktika inspektori lavozimida ishlagan. O‘z xizmat mavqeidan foydalanib, u 2024 yil 24 avgust kuni Magic City parki kirish qismida “popkorn” sotish bilan shug‘ullanuvchi fuqaroni IIBga olib bormaslik evaziga 100 ming so‘m talab qilgan. Profilaktika inspektori mazkur mablag‘ni shaxsiy bank kartasiga o‘tkazishni so‘ragan.
Bundan tashqari, A.A. fuqaro A.N.ga Magic City parki va “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyi hududida “popkorn” sotuvchi 4 nafar ishchini “himoya” qilib berishini aytgan. Ya’ni, u ularga nisbatan chora ko‘rmaslik, reydlar haqida ogohlantirish va qo‘lga tushgan taqdirda yengil jazo tayinlashni va’da qilgan. Bu xizmat uchun u 2024 yil 13 sentyabr kuni fuqaro A.N.dan 1,5 million so‘m pora olgan.
Shundan so‘ng, fuqaro A.N. Toshkent shahar IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasining ishonch telefoniga murojaat qilgan. Uning murojaati asosida o‘sha kunning o‘zida shaxsiy xavfsizlik xodimlari profilaktika inspektoridan 1,5 million so‘mni ashyoviy dalil sifatida olib qo‘ygan.
Profilaktika inspektori sudda aybini tan olmagan. U 1,5 million so‘mni aslida popkorn sotish biznesiga kiritgan investitsiyasi ekanini aytgan. Shuningdek, uning bank kartasiga 100 ming so‘m o‘tkazgan yosh yigitni tanimasligini bildirgan.
Ammo, guvohlar ko‘rsatmalari va boshqa dalillar uning qilmishi tasdiqlagan.
Sud A.A.ni Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 2-qismi “a” bandi bo‘yicha aybdor deb topdi. Unga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi va 2 yil davomida huquq-tartibot organlarida ishlash huquqidan mahrum etildi. Tayinlangan jazo 3 yil sinov muddati bilan shartli deb hisoblandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri Bektemir tumanida pora bilan qo‘lga tushgan IIO FMB tergovchisiga sud hukmi o‘qilgandi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

