Pompeoning O‘zbekistonga kelishi Sulaymoniyning o‘ldirilishi sabab qoldirilganmi?

Olam

image

Hafta davomida dunyoda ro‘y bergan voqealar Eronning Islom inqilobi posbonlari korpusining (IIPK) maxsus “Al-Quds” bo‘linmasi generali Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi va Eronning AQSHga nisbatan javobi, shuningdek, Ukraina samolyotining Tehron zaminida halokatga uchrashi fonida qolib ketdi. Holbuki, dunyo to‘xtab qolgani yo‘q. 

Qosim Sulaymoniyning vafoti  taxminimizcha, shunchaki tasodif yoki o‘sha kun davomida rejalangan operatsiya emasdek. Bunga esa yetarli asoslar mavjud. Bu asoslar ro‘yxatida esa O‘zbekiston nomini ham ko‘rasiz. 

Yodingizda bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 2019 yil dekabr oyi oxirlarida AQSH Davlat departamenti rahbari, Davlat kotibi Maykl Pompeo 2020 yilning 5 yanvar kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lishi haqida xabar berildi. Xabarda Pompeo tashrifi davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashishi haqida aytilgandi. O‘zbekistonga tashrifini rasmiy Vashington ham tasdiqladi. 

Tashrifga to‘rt kun qolganda, joriy yilning 1 yanvar kuni AQSH Davlat departamenti Maykl Pompeoning 3-7 yanvar kunlariga mo‘ljallangan tashriflari bekor qilingani haqida xabar tarqatdi. Bu kunlar oralig‘ida Pompeo Ukraina, Belarus, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Kiprga safar qilishi kerak edi. 

Rasmiy xabarda “Davlat kotibi Maykl Pompeo Vashingtonda qolishi va Bag‘doddagi vaziyatni kuzatib, amerikaliklar xavfsizligini ta’minlashi kerakligi uchun majburan Ukraina, Belarus, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Kiprga safarini qoldirdi. Davlat kotibi Pompeoning tashrifi eng yaqin vaqtda amalga oshiriladi”, deyilgan edi. 

2019 yilning 31 dekabr kuni Iroqda AQSHga nisbatan namoyish avjiga chiqdi. Iroq poytaxti Bag‘dodda namoyishchilar AQSH elchixonasiga hujum qildi. Ular “Amerika yo‘q”, “Amerikaga o‘lim”, deb baqirib, AQSH bayrog‘ini yoqib yubordi. 

AQSHda Pompeoning yuqori nomi keltirilgan 5 mamlakatga tashrifi bekor qilingach, 2 yanvardan 3 yanvarga o‘tar kechasi Eronning Islom inqilobi posbonlari korpusining (IIPK) maxsus “Quds” bo‘linmasi generali Qosim Sulaymoniy AQSHning Bag‘dodga aviazarbasi vaqtida o‘ldirildi. Bu qaror AQSH Prezident Donald Trampning shaxsiy irodasiga ko‘ra olingani aytildi. Biroq, bunda keyinroq Pompeoning ham qo‘li borligi ma’lum bo‘ldi. 

Bo‘lib o‘tgan voqealar xronologiyasiga nazar tashlasangiz, Pompeoning O‘zbekistonga va qolgan 4 mamlakatga tashrifi qoldirilishi aynan Sulaymoniyning o‘ldirilishi rejasi bilan bog‘liqligini ko‘rish mumkin. 

Tramp Sulaymoniyning o‘ldirilishini Rojdestvo ta’tillari sabab AQSHning turli hududlarida bo‘lgan milliy xavfsizlik bo‘yicha bir necha nafar yuqori martabali maslahatchisi bilan rejalashtirgan. Ular maxsus himoyalangan aloqa liniyasi orqali muloqot qilgan.

Tramp rejalarining maxfiy qolishi uchun Kongressni bu haqida ogohlantirmagan. Umuman olganda ushbu favqulodda rejadan sanoqli odam xabardor bo‘lgan. Bular davlat rahbarining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Robert O`Brayen, vitse-prezident Mayk Pens, Davlat kotibi Maykl Pompeo, Mudofaa vaziri Mark Esper, Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jin Xespel va Oq uy apparati boshqaruvchisi vazifasini bajaruvchisi Mik Malveni xabardor bo‘lgan.

Eron joriy yilning 8 yanvar kuni Sulaymoniy uchun qasos olish maqsadida AQSHning Iroqdagi ikki harbiy bazasiga havodan raketa zarbasini berdi. Ayni vaziyatda AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘ziga yaqin maslakdoshlarni “Oy uyga” to‘pladi va ular orasida Pompeo ham bor edi. 

Eronning hujumidan keyin AQSH Prezidentining Milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Robert O’Brayen Eron Islom inqilobi posbonlari korpusining maxsus bo‘linmasi “Al-Quds”ni boshqargan general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishiga munosabat bildirib, Sulaymoniy AQSH diplomatlari va harbiylariga hujum rejasini tuzib yurgani, agar AQSH uni o‘ldirmaganda, u AQSHga hujum qilishi haqida gapirgan edi. Biroq, AQSH Davlat kotibi Mayk Pompeo uning fikrlarini butkul yo‘qqa chiqardi.

Pompeo Amerika maxsus xizmatlarida Eron generali Qosim Sulaymoniyning AQSHga hujum qilish bo‘yicha “rejalari” to‘g‘risida aniq ma’lumot bo‘lmaganini tan oldi. 

“Hech qanday shubha yo‘qki, qator hujumlar bo‘lgan. Biz qachon, qayerda bo‘lishini aniq bilmaymiz. Ammo bu haqiqatda bo‘lgan”, deydi Pompeo Fox News’ga bergan intervyuda.

AQSH Prezidenti Donald Tramp Sulaymoniyning o‘ldirilishini uningAQSH elchixonalaridan birida portlash sodir etishni rejalashtirgani bilan izohlagandi. Biroq aniq dalillarni keltirmagandi.

Yuqoridagi dalillardan kelib chiqib shuni ta’kidlash o‘rinliki, Maykl Pompeoning O‘zbekistonga tashrifi bejiz qoldirilmagan. Pompeo oxirgi 10 kunlikda dunyoda sodir bo‘lgan va shaxsan Tramp rahbarligida sodir etilgan harakatlarning asosiy figurasi bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Pompeo Qosim Sulaymoniy

Baholaganlar

168

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing