“Politico”: Yevropa Komissiyasi AstraZeneca’ni sudga bermoqchi

Olam

image

Yevropa Komissiyasi AstraZeneca kompaniyasi ishlab chiqargan koronavirusga qarshi vaksinaning yetkazib berilishidagi muammolar sababli uni sudga bermoqchi. Bu haqda “Politico” nashri yozmoqda.

Manbaga ko‘ra, Komissiya bu masalani kecha, 21 aprel kuni kengashga a’zo mamlakatlar yig‘ilishida ko‘targan. Yig‘ilishda qatnashgan davlatlarning aksariyati va’da qilingan vaksina dozasining yetkazib berilishidagi muammo sababli ishlab chiqaruvchini sudga berishni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.

Xabarga ko‘ra, ishni sudga oshirishdan ko‘zlangan maqsad – Yevropa Ittifoqi davlatlariga AstraZeneca vaksinasini shartnomada ko‘rsatilgan miqdorda yetkazib berishni ta’minlash.

Qayd etilishicha, yig‘ilish doirasida kompaniyaga qarshi sud ishlarini boshlash kelishib olingan va katta ehtimol bilan bu joriy haftada sodir bo‘ladi.

Avvalroq AstraZeneca rahbariyati kompaniya Yevropa Ittifoqi uchun vaksina ishlab chiqarishda jadvaldan ikki oy ortda qolayotganini tan olib, YeIning ishlab chiqarish bazasi Buyuk Britaniyaning imkoniyatlariga nisbatan zaifroq ekanini ta’kidlagandi.

Bundan tashqari, 17 mart kuni Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen Bryussel emlash darajasi yuqori bo‘lgan davlatlarga koronavirusga qarshi vaksinani yetkazib berishni cheklashini e’lon qilgandi. Bunga sabab qilib AstraZeneca’ning Yevropa Ittifoqi davlatlari oldidagi majburiyatini o‘z vaqtida bajarishi ko‘rsatilgan.

Eslatib o‘tamiz, 17 mart kuni O‘zbekistonga Hindistondan 660 ming doza AstraZeneca vaksinasi olib kelingan. Mamlakatda aprel oyi boshidan koronavirusga qarshi keng ko‘lamli vaksinalash ishlari boshlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

112

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing