Poliovirus – yangi dahshatmi? BMT dunyoning barcha mamlakatlarini ogohlantirdi
Bu qiziq
−
23 Oktabr 2020
33743Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi dunyoda poliomiyelit tarqalish xavfi yuqori bo‘lganligi sabab 2014 yildan beri amal qilib kelayotgan ushbu kasallik bo‘yicha xalqaro favqulodda rejim yana uch oyga uzaytirilishi kerak, degan xulosaga keldi. Bu haqda JSSTning Jenevadagi qarorgohi xabar berdi.
Mutaxassislar ushbu rejimning poliomiyelitga nisbatan davomiyligidan xavotirda ekanliklarini ta’kidlashgan. Biroq ular "hozirgi vaziyat g‘ayrioddiy", deb hisoblashmoqda. Chunki kasallik tarqalish xavfi tobora ortib bormoqda va bu xalqaro hamjamiyat tomonidan harakatlarni muvofiqlashtirishni talab qiladi.
Qo‘mita favqulodda rejimni uzaytirish bo‘yicha tavsiyalarni keltirib chiqargan sabablar sifatida Pokiston va Afg‘onistonda poliovirus tarqalishining ko‘payishi, endemik mamlakatlarda, xususan, Afg‘onistonda infeksiya tarqalishi geografiyasining kengayishini ko‘rsatdi. “Bundan tashqari, COVID-19 pandemiyasi sababli poliomiyelitga qarshi emlash to‘xtatilganligi sababli aholi o‘rtasida immunitetning pasayishi kuzatilmoqda. Pandemiya sharoitida vaksinalarni yetkazib berishdagi qiyinchiliklar vaziyatni murakkablashtiruvchi omil hisoblanadi”, deyiladi qo‘mita bayonotida.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, poliomiyelit bilan kasallanish bu yil “yuqori” darajaligicha qolmoqda. Joriy yilning 1 yanvardan 5 oktyabrgacha 121 ta yovvoyi poliovirus holati qayd etilgan. 2019 yilda ushbu ko‘rsatkich 85 ta holatga to‘g‘ri kelgan edi. Ya’ni, 2020 yilda 42 foiz o‘sish kuzatilmoqda. Bu JSST tomonidan 2014 yilda favqulodda vaziyat e’lon qilingandan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, kasallik Afg‘oniston va Pokistonda juda tez rivojlanib bormoqda.
Garchi bu kasallikning vaksinasi mavjud bo‘lsa-da, poliovirusning tarqalishi hali to‘xtatilmagan. Gvineya, Janubiy Sudan va Sudanda yangi holatlar qayd etildi. Virus Janubiy Sudan va Sudanga 2019 yilda yuqumli kasallik bo‘lgan Chaddan kirib kelgan. Misrda (Qohira) xuddi shu patogen chiqindi suvda topilgan, ammo biron bir holat qayd etilmagan. 2019 yilda kasallanish ko‘rsatkichlar oshib, 378 ta yuqtirish holati aniqlandi.
Vaksinadan olingan poliovirusning chegaralar bo‘ylab tarqalishi muntazam ravishda kuzatilmoqda. 2020 yil apreldan iyun oyigacha, xususan, Afg‘onistondan Pokistonga, Kot-d'Ivuardan Maliga, Gvineyadan Maliga, Kot-d'Ivuardan Ganaga, Markaziy Afrika Respublikasidan Kamerunga, Chaddan Sudan va Janubiy Sudanga, Ganadan Burkina-Fasoga kasallik tarqalgan.
JSST Qo‘mitasi sog‘liqni saqlash xizmatlari, shu jumladan, muntazam emlash xizmatlari koronavirus pandemiyasi tufayli deyarli 90 foiz mamlakatlarda uzilishlarga duch kelganligiga e’tibor qaratgan. Joriy yilning fevraldan mart oyining boshigacha 28 davlatdagi 60 dan ortiq emlash kampaniyasi noma’lum muddatga qoldirilgan.
Kasallik bilan kurash
Poliomiyelit – virus keltirib chiqaradigan xavfli kasallik. Bu asab tizimiga ta’sir qiladi va bir necha soat ichida umumiy falajga olib kelishi mumkin. 200 holatdan bittasida qaytarilmas falaj rivojlanadi (odatda oyoqlarda). Bemorlarning taxminan 5-10 foizi nafas olish mushaklari falajining boshlanishi tufayli vafot etadi. Ilmiy nazariyalarga ko‘ra, poliovirusning uch turi mavjud bo‘lib, 2 - va 3 – toifalari butunlay yo‘q qilingan. Hozirda tabiatda faqat 1-turdagi yovvoyi poliovirus qolmoqda. U ustidan qozonilgan g‘alaba insoniyatni bir vaqtlar keng tarqalgan ushbu kasallikdan yakuniy qutqarish bo‘ladi. Poliomiyelitga qarshi emlash o‘tgan asrning o‘rtalarida ixtiro qilingan.
LiveBarchasi