Polshada olti nafar rossiyalik josus qo‘lga olindi
Olam
−
16 mart 2023
4399Kecha, 15 mart kuni Polshada Ichki xavfsizlik agentligi xodimlari olti kishini Rossiya foydasiga josuslik qilganlikda gumon qilib qo‘lga oldi. Bu haqda RMF radiosi xabar berdi.
Qayd etilishicha, gumondorlarning barchasi sharqiy chegaradan kelgan xorijliklar bo‘lib, Rossiya maxsus xizmatlarida ishlagan. Ular muhim temir yo‘l kesishmalarida yashirin kameralar topilganidan so‘ng qo‘lga olingan. Mazkur kameralar poyezdlar harakatini qayd etib, ma’lumotlarni internetga uzatgan.
Manbaga ko‘ra, Podkarpak viloyatidagi (voyevodstva) temir yo‘llarda va Ukrainaga G‘arb qurollarini yetkazib berishda faol foydalaniladigan Jeshuv-Yasyonka aeroporti hududida o‘nlab shunday kameralar o‘rnatilgani aniqlangan.
Britaniyaning AIR Force media kompaniyasi esa mazkur aeroportning ahamiyatiga to‘xtalar ekan, AQSH armiyasi uni himoya qilish uchun Patriot havo mudofaa moslamalarini joylashtirganini yozgan. Prezident Bayden ham aynan shu aeroportga uchib kelgan.
Polshalik polkovnik Matseya Matisyakaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya maxsus xizmatlari kameralardan asosan Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berilgani haqida ma’lumot yig‘ish uchun foydalangan. Shu bilan birga, u ruslar qo‘lga kiritilgan ma’lumotlardan qo‘poruvchilik uyushtirish uchun foydalanishi mumkinligini istisno etmagan.
“Ushbu ma’lumotlardan qarshi choralar, jumladan, sabotaj, qo‘poruvchilik, vayron qilish uchun foydalanish mumkin. Ruslar buni qilgan, qilmoqda va yana qiladilar. Masalan, Chexiyadagi o‘q-dorilar ishlab chiqaruvchi zavodga hujum sodir bo‘lganini hammamiz ko‘rdik”, deydi polkovnik Matisyaka.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Britaniyaning Berlindagi elchixonasi qo‘riqchisi Devid Smit Rossiya uchun josuslik qilgani aniqlangan va sud qilingan edi.
LiveBarchasi