Polshada qamalgan namanganlik erkak O‘zbekistonga qaytarildi
Jamiyat
−
21 iyul 2376 1 daqiqa
Polshada jazo muddatini o‘tayotgan namanganlik erkak muddatidan avval shartli ozod qilinib, O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari “Artur Grabovski” advokatlik byurosi hamda Polsha Chegara xizmati bilan hamkorlikda olib borilgan muzokaralar natijasida namanganlik I.M. muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilingan.
U oldinroq Polshada o‘lim bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisasini sodir etgani uchun mazkur mamlakat Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga asosan sudlanib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
Bildirilishicha, elchixona tomonidan ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar hamda Yevropa Ittifoqining Chegara va sohil xavfsizligi agentligi (Frontex) ko‘magida “Varshava–Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta xarid qilingan.
Zarur rasmiylashtiruv va kuzatuv ishlari yakuniga yetkazilgach, fuqaroning Polshadan chiqib ketishi tashkil etilgan va u O‘zbekistonga qaytarilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Belarusdagi tergov hibsxonasida saqlanayotgan o‘zbekistonlik ayolning ko‘zi yorigandi va uning farzandi O‘zbekistonga olib kelingan edi.