Polsha YeIdan Rossiya energiya resurslariga soliq solishni talab qilyapti
Olam
−
30 mart 2022
6563Polsha hukumati Yevropa Ittifoqidan Rossiyaning energiya manbalariga soliq joriy etishni talab qilmoqda. Bu haqda Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy ma’lum qildi.
“Men Yevrokomissiyani Rossiya uglevodorodlariga soliq solishga chaqiraman, toki Yevropa bozori savdo vaiqtisodiy sharoit ham adolatli bo‘lsin”, deydi Moravetskiy.
Bosh vazirning qo‘shimcha qilishicha, Polsha hukumati joriy yil oxirigacha Rossiyaning barcha energetika resurslaridan voz kechish niyatida. Xususan, yil oxirigacha Rossiyaning gaz, neft va eng kechi bilan maygacha ko‘miridan voz kechadi.
“Biz Yevropada Rossiya uglevodorodlari – gaz, neft, ko‘mirdan uzoqlashish bo‘yicha eng radikal rejani taqdim etmoqdamiz. Biz Yevropadagi barchani bizning yo‘limizdan yurishga chaqiramiz", deydi Moravetskiy.
Rossiya energiya resurslaridan bosh tortish bilan bir qatorda, Polsha hukumati qayta tiklanadigan energiya manbalarini faol ravishda rivojlantirish niyatida. Moravetskiyning urg‘ulashicha, endi Polsha juda qimmat rus gazini Norvegiya gazi bilan almashtirishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hukumat va Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankiga Rossiya gazining Yevropa davlatlariga yetkazib berilishi uchun to‘lovlarni rublga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi. Bunga G‘arb davlatlarining Ukrainadagi urush ortidan Moskvaga qarshi joriy qilgan sanksiyalari sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng, Germaniya kansleri Olaf Shols ham Germaniya gazni rublda sotib olmasligini e’lon qildi. Uning ortidan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham rus gazini rubldan sotib olmasligini aytdi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin avvalroq Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank va “Gazprom” kompaniyasiga 31 martgacha Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va cheklov choralarini joriy qilgan boshqa mamlakatlarga gaz yetkazib berish uchun to‘lov valyutasini o‘zgartirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni topshirgan edi.
Shu o‘rinda aytish joizki, Rossiya gazining xaridorlari hisob-kitoblarni rublga o‘tkazish bo‘yicha turlicha pozitsiyani egalladi. Germaniya kansleri Olaf Sholsning ta’kidlashicha, shartnomalarda xorijiy valyutalar “asosan yevro va dollar” ko‘rsatilgan. Germaniya Iqtisodiyot vazirligi vakili Robert Severin import qiluvchilar shartnomalar bajarilishini kafolatlashlari shartligini ta’kidladi. Italiya bosh vaziri Mario Dragi hisob-kitoblarni rublga o‘tkazishni shartnomalarning buzilishi deb atadi.
LiveBarchasi