Polsha va Vengriya Ukraina g‘allasiga taqiq qo‘ydi. Bunga YeI nima deydi?
Olam
−
17 aprel 2023
11048Polsha va Vengriya Ukrainadan don va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishni taqiqladi. Yevropa Ittifoqi esa mazkur harakatlardan norozi. Shu hafta ichida YeIga a’zo davlatlarning Bryusseldagi elchilari ushbu masalani muhokama qiladi. Bu haqda bugun, 17 aprel kuni Yevropa Ittifoqining yuqori martabali rasmiysiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Ta’kidlash joizki, o‘tgan yilning fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan keyin Qora dengizdagi ba’zi portlar to‘sib qo‘yildi va Yevropa Ittifoqida ishlab chiqarilganidan ancha arzon bo‘lgan Ukraina g‘allasi logistika muammolari tufayli Markaziy Yevropa mamlakatlarida qolib ketdi. Bu mahalliy fermerlar uchun narxlar va sotuvlarga ta’sir qildi hamda Varshava va Budapesht Ukrainadan don va oziq-ovqat importi va tranzitini taqiqladi.
“Biz Polsha va Vengriyadan tushuntirish berishlarini kutamiz. Yevropa komissiyasi ham bunga munosabat bildiradi. Muammo bor va biz komissiya bu borada taklif bilan chiqishini kutamiz. Kelgusi haftalar va oylarda nima qilishimiz mumkinligini ko‘ramiz”, deydi rasmiy bu masala YeI milliy liderlarining so‘nggi sammitida Slovakiya va Ruminiya tomonidan ham ko‘tarilganini qo‘shimcha qilar ekan.
Ukraina qishloq xo‘jaligi vaziri esa Kiyev Varshavadagi muzokaralarda birinchi qadam sifatida Polsha orqali oziq-ovqat va g‘alla tranzitini qayta yo‘lga qo‘ymoqchi ekanini aytgan.
LiveBarchasi