Polsha o‘z hududida Rossiya dronlarini urib tushirdi

Olam

image

Bugun, 10 sentyabr kuni Polsha birinchi marta g‘arbiy Ukrainaning Rossiya tomonidan nishonga olinishi vaqtida mamlakat havo hududini buzgan dronlarga qarata o‘t ochdi. Bu haqda Polsha Qurolli kuchlari xabar berdi.

Polsha harbiy qo‘mondonligi ma’lumotiga ko‘ra, 10 dan ortiq dron qayd etilgan, ularning ayrimlari "tahdidli" deb baholangan va "zararsizlantirilgan”.

“Bizning havo hududimizga kirgan ayrim dronlar urib tushirildi. Ushbu ob’ektlar qulagan ehtimoliy joylarni aniqlash va qidiruv ishlari olib borilmoqda”, deyiladi qo‘mondonlik bayonotida.

Idora operatsiya davom etayotganini ta’kidlab, Podlyask, Mazovets va Lyublin viloyatlari aholisiga uyda qolishni tavsiya etgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarda dronlardan biri uyga shikast yetkazganini ko‘rish mumkin.

Mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish Polsha samolyotlari “dushman ob’ektlariga qarshi qurol qo‘llaganini” tasdiqlagan.

“Biz NATO qo‘mondonligi bilan doimiy aloqadamiz”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Polsha armiyasi bu hodisani “tajovuz harakati” deb atagan. Harbiy harakatlar tufayli mamlakatning eng yirik aeroporti – Varshavadagi aeroport, shuningdek, yana uchta aeroport, jumladan, Ukrainaga yordam yetkazishda muhim rol o‘ynaydigan Jeshuv-Yasyonka ham yopilgan.

AQSH Federal fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi ham bir nechta Polsha aeroportlarining havo hududi vaqtincha yopilganini tasdiqlagan. Qo‘shma Shtatlarning Yevropadagi armiyasi sobiq qo‘mondoni Ben Hodjes Rossiya dronlarining NATO hududiga kirib borishini “mudofaa va erta ogohlantirish tizimlarini ataylab sinash” deb atagan.

“Biz har safar samarali javob berishimiz kerak. Biz, albatta, ko‘proq narsa qila olamiz”, deydi u.

Ma’lumot uchun, Polsha armiyasi 2022 yildan buyon yuqori jangovar shaylik holatida. O‘shanda Ukraina raketasi tasodifan Polshaning bir qishlog‘iga tushib, ikki kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. Biroq hozir Varshava o‘z hududida havo ob’ektlariga qarshi qurol qo‘llanganini ilk bor rasman ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kiyevdagi Ukraina hukumati binosi Rossiyaning Ukrainaga agressiyasi boshlanganidan beri birinchi marta dushman hujumidan zarar ko‘rgani haqida xabar berilgan edi. Rada deputati Yaroslav Jeleznyakning aniqlik kiritishicha, hukumat binosining yuqori qavatida Bosh vazirning idorasi va Ukraina hukumatining majlislar zali joylashgan. Kiyevdagi hukumat binosidagi yong‘in vertolyot yordamida o‘chirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Pol'sha dron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing